TOShKENT, 5 mar — Sputnik, Amangeldi Nurmuradov. Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Gidrometeorologiya milliy qo‘mitasi raisi Botir Xalliyevni yolg‘on ma’lumotlar berayotgani uchun ishdan bo‘shatdi, deb xabar qiladi RIA Novosti.
Davlat rahbari hukumat kengashi majlisida nutq so‘zlar ekan, turkman sinoptiklari ishidagi asosiy kamchilik — bu ob-havo ma’lumotlari to‘g‘ri berilmayotgani ekanligini ta’kidladi.
"Biz, Gidrometeorologiya qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish maqsadida, ushbu muassasa uchun zamonaviy ma’muriy bino qurdik. Qo‘mitaga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatdik, barcha kerakli jihozlarni ortig‘i bilan xarid qildik. Xalliyev o‘shanda bizga, mana endi ob-havo ma’lumotlari aniq berib boriladi, deb so‘z bergan edi. Ammo, u va’dasi ustidan chiqmadi. Keyingi vaqtlarda yolg‘on ma’lumotlar soni ortib ketdi", — dedi Berdimuhammedov.
Davlat rahbarining so‘zlariga qaraganda, ushbu holat qishloq xo‘jaligi ishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, transport tizimi faoliyatida, qolaversa, ommaviy-madaniy tadbirlarni uyushtirishda ham ma’lum qiyinchiliklar tug‘dirmoqda: ertaga quyosh charaqlab turadi, degan umidda, uyidan yengil kiyinib chiqayotgan odamlar, sharros yomg‘ir ostida qolmoqda.
Shu sabab, prezident 2010-yildan beri Gidrometeorologiya xizmatiga raislik qilib kelayotgan Xalliyevni lavozimidan ozod etdi. Uning o‘rniga Begench Miminov tayinlandi.
Shuningdek, hukumat kengashida Turkmaniston davlat statistika qo‘mitasi rahbari ham lavozimidan ozod etildi. U statistik ma’lumotlarni bo‘rttirib ko‘rsatayotgani uchun ishdan haydaldi.