Morg rahbari bilan ochiq suhbat

Obuna bo‘lish
Patologoanatomlarni qanday kasalliklar ajablantiradi, morg xodimlariga nima uchun inson organlarini o‘g‘irlashdan foyda yo‘q?.. Sputnik Qirg‘iziston muxbiri Asal Minbayeva ana shu savollarga javob olishga harakat qildi.

TOShKENT, 20 fev — Sputnik. "Meni suratga olishning keragi yo‘q!" — Respublika patologoanatomiya burosi rahbari Valentina Paxmanning ovozi hech qanday e’tirozga o‘rin qoldirmadi. Ammo, u o‘z kasbi haqida gapirishga, bajonidil rozi bo‘ldi. Manba: Sputnik Qirg‘iziston.

— Bu yerga qanday kelib qoldingiz? Ayol kishi terapevt yoki pediatr bo‘lishni orzu qilishini tushunaman. Ammo patologoanatom bo‘lishi?!

— Murdani yorib ko‘rishni orzu qiladigan ayolga — u ruhiy xasta, deb tashhis qo‘yish mumkin. Bundaylardan yuz chaqirim narida yuring. Ruhan sog‘lom inson hech qachon murdani yorib ko‘rishni xohlamaydi. Ammo, shukrki, ishxonamizdagi barcha xodimlar, bu yerga, tasodif tufayli kelishgan.

Ba’zi birlari klinikalarda ishlagan, nimadir bo‘lib, bu yerga kelishga majbur bo‘lgan. Men esa tumanga ishga yuborishlarini xohlamaganim uchun, shu sohaga ishga o‘tishga majbur bo‘lganman. Sobiq Ittifoq davri edi, turmushga chiqmagandim. Batkenga borib ishlashni xohlamasdim. Faqat patologoanatomga shaharda qolishga ruxsat berilgandi. Shu bois, bu yerga kelganman. Murdalarni yorib ko‘rishni orzu qilmaganman. Nimaiki bo‘lsa ham, shaharda ushlanib qolishni xohlaganman, xolos.

— Birinchi marta juda qo‘rqqan bo‘lsangiz kerak?

— Oldindan aytib qo‘yay, murdani yorish, bizga zavq bag‘ishlaydi, deb o‘ylaydiganlar, qattiq yanglishishadi. Biz uchun tashhis qo‘yish muhim.

Birinchi vaqtlarda morgga kiganimda, sanitarlar murdaga kiyim kiydirayotgan bo‘lishardi. Men dahshatga tushardim. Axir u murda-ku! Murdalar yalang‘och holda yotadi, deb o‘ylardim-da.

Bizni bu ishga asta-sekinlik bilan o‘rgatishdi. Boshida, o‘lgan odam tanasi bilan universitetga yuborishardi. Murdani sinchkovlik bilan o‘rganishimiz uchun. O‘qishdan kechki to‘qqizlarda qaytar edim, 80 foiz vaqtimni murda bilan birga o‘tkazardim. Uni o‘rganardim. Menga berishgan o‘sha birinchi murdani yigirma besh yildan keyin, minglab murdalar orasidan ham ajratib ololaman. U menga, boshqa murdalardan ko‘ra, yaqinroq bo‘lib qolgan. Do‘stlarimni taniy olmasligim mumkin, ammo birinchi murdamni taniy olaman.

— Siz juda qattiqqo‘l ayoldek taassurot uyg‘otasiz. Odamlarga rahmingiz kelgan vaqtlar ham bo‘ladimi?

— Albatta, juda ham rahmim keladi. Bilsangiz, biz shifokorlardan ko‘ra rahmdilroqmiz. Ba’zan to‘g‘ri tashhis qo‘ydirish maqsadida, qo‘l yoki oyoqni yorishga to‘g‘ri keladi. Biz bu ishni xohlamay amalga oshiramiz…

— O‘likxonaga keltirilgan murdalar orasida, juda ham rahmingizni keltirganlari bo‘lganmi?

— Ha. Bizga tug‘ruq vaqtida o‘lgan bir ayolni olib kelishgan edi. Unda yurak nuqsoni kasalligi bo‘lgan. Tug‘ruq vaqtida ahvoli juda yomonlashgan, qutqarib qolishning iloji bo‘lmagan. Chaqaloq esa sog‘lom tug‘ilgan. Unga hamma – HAMMA –  homilador bo‘lish mumkin emasligini aytgan ekan. Ayolning o‘zi ham ancha vaqt homilador bo‘lolmay yurgan. Davolangan, shifoxonalarga tinmay qatnagan, va nihoyat, o‘z maqsadiga erishgan. Ammo, orzusi amalga oshgach, hayotdan ko‘z yumdi. Men u ayolga juda ham achindim. Negaki, u ayolga, farzandini ko‘rish nasib qilmadi.

— 2006-yilda kasalxonada hayotdan ko‘z yumgan bemorni qarindoshlari, u yorib ko‘rilmasdan turib, olib ketishlari mumkinligi haqida qonun chiqdi. Bundan qandaydir o‘zgarish bo‘ldimi?

— Bu qonun tufayli hamma narsani boy berapmiz. Shifokor o‘z mehnati natijasini ko‘rishi kerak. Hatto, santexnik ham, u quvurni sozlaganidan keyin, undan suv oqaptimi-yo‘qmi, bilishni xohlaydi.Shifokorlar esa hozirda, baribir olib borib ko‘mishadi, shunday ekan, qanday davolashning nima ahamiyati bor, degan xulosaga kelib qo‘yishgan.

Buning natijasida, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi pasayib ketdi. Ilgarilari, murdalar yuz foiz yorib ko‘rilardi, hozir esa har o‘ntadan bittasi. Nomini aytishni xohlamayman, o‘tgan yil shahrimizdagi kasalxonalarning birida o‘lgan bemorlarga yuz foiz holatda, noto‘g‘ri tashhis qo‘yilganini bildik.

Ya’ni, har bir yorib ko‘rilgan odam, shifokor qo‘ygan tashhisdan vafot etmagan.

— Nahotki, buni murdaning qarindoshlari tushunishmasa? Yoki bu haqda ularga hech kim hech narsa aytmaydimi?

— Nazariy tomondan olib qaraganda, o‘lgan odamning qarindoshlarini, murdani yorib ko‘rishga ko‘ndirishga haqliman. Ammo hech qachon buning uddasidan chiqa olmaganman. Ularga so‘zlagan otashin nutqimdan so‘ng, ular menga nima deydi bilamizmi?

Ularning hammasi bir xil gapni aytishadi:

"Keling, menga hozir murdani yormasdan berasiz, sog‘liq muhofazasi bilan esa, keyin shug‘ullanaverasiz".

Murdani, u yorib ko‘rilmasidan turib, kasalxonadan olib ketayotganlar ertaga yoki indin klinikaga tushadigan boshqa bir tirik odamga o‘limga mahkum qilishayotganini tushunishmaydi. Murda yorib ko‘rilsa, u nimadan vafot etganligi o‘rganilsa, bundan shifokorlar xulosa chiqarib, ertaga kimnidir qutqarishga muvaffaq bo‘lardilar, ehtimol. Ammo bu hech kimga qiziqmas…

— Murdaning yaqinlari haqiqatni bilishni istamasliklarini qanday izohlaydilar?

— Har xil. “U o‘zi hayotda juda qiynalgan”, “Musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi…”, “Bu nimani o‘zgartiradi…”

Balki, siz bu bilan ertaga o‘z nabirangizni qutqararsiz! Ammo, bu hech kimga qiziqmas. Shu paytgacha ikki kishini ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldim. Hech kimni ko‘ndira olmadim, deb  hisoblayvering.

— Balki ular siz biror organni olib qo‘yishingizdan qo‘rqishar?

— Biz, yorib ko‘rish jarayoniga begonalarni kiritamiz. Ammo, qarindoshlar uchun bu kerak emas. Sababi, yaqin insonni bunday ahvolda ko‘rishga, hammaning ham yuragi dosh bermasligi mumkin.

Odamlarning o‘zlari bizdan yorib ko‘rish vaqtida ishtirok etishga ruxsat so‘rashgan vaqtlar bo‘lgan, biz hech kimga rad javobini bermaganmiz.

— Morg xodimlari o‘lgan odamlarning tana a’zolarini sotishlari rostmi?

— O‘lgan odamlarning tana a’zolarini? Nima uchun?

— Tiriklarga ko‘chirib o‘tkazish uchun… Buyraklar, jigar degandek…

— Inson ta’nasini ko‘chirib o‘tkazish nima degani o‘zi, bilasizmi? Inson organlari yurak urib turgan vaqtda chiqarib olinishi lozim. Hech bo‘lmaganda, yurak urishdan to‘xtagan vaqtdan ikki daqiqa o‘tgach. Transplantologlar, hatto, bu haqda ta’kidlaydilar. Odam o‘lganidan keyin ikki soat o‘tgach, organni olib bo‘lmaydi, u chirik material hisoblanadi.

— Patologoanatomlar uchun morgda tushlik qilish tabiiy hol ekanligi, rostmi?

— Bizlar oddiy odamlarmiz. Tushlik qilish uchun kabinetimiz bor. Ammo, garov o‘ynasak, masalan, yuz dollarga, hoziroq morgda tushlik qilishga roziman!

— Hidlarga qanday ko‘nikdingiz?

— Bizda badbo‘y hid yo‘q. Tanadan odam hidi keladi. U ikki soat oldin jonlantirish bo‘limida yotgan. Farqi shundaki, o‘shanda u nafas olgan, hozir esa — yo‘q. Klinikalarda hidlar yomon bo‘ladi. Bizda esa hammayoq toza, chetdan qaraganda, sterildek taassurot uyg‘otadi.

— Bilishimcha, sizlarda kadrlar yetishmovchiligi katta muammo. Nima uchun yoshlar sizlarga ishga kelmaydi?

— Chunki maosh oz. Ish o‘rganish uchun esa uzoq o‘qish kerak. Oliygohni tamomlagandan keyin ham, besh yil ish o‘rganishga to‘g‘ri keladi.

Murdani yorish qiyinmas. Tashhis qo‘yish, barcha kasalliklarni yod olish qiyin. Hatto, jarrohlar orasida ham hamma narsa qo‘lidan keladiganlari yo‘q. Bizdan esa juda katta hajmdagi informatsiyani bilish talab etiladi.

Men 20-yildan beri shu sohada ishlab kelaman. Baribir, murakkab, notanish holatlarga duch keladigan vaqtlarim bo‘ladi. Ba’zan, mendan ko‘ra tajribali hamkasblarim oldiga yugurishimga to‘g‘ri keladi. Shunday qilaman ham, erinish yoki uyalish degan tushunchalar menda yo‘q. Jamoamiz bilan birgalikda, galalashib, tashhis qo‘ygan vaqtlarimiz ham bo‘lgan.

— Agar o‘tmishga qaytish imkoni bo‘lganida, hayotingizni o‘zgartirgan bo‘larmidingiz? Boshqa kasbni tanlarmidingiz?

— Hech narsani o‘zgartirishni xohlamasdim. O‘z mutaxassisligimni topganimdan, xursandman.

Yangiliklar lentasi
0