TOShKENT, 1 mar — Sputnik. Suriya prezidenti Bashar Asad Suriyada jang qilayotgan oppozitsiyachilarni qurolni tashlashga chaqirdi, deb xabar qiladi RIA Novosti ARD telekanali xabariga ko‘ra.
"Qurolni tashlash lozim. Mamlakat siyosiy kun tartibida ishtirok etishni xohlaysizmi-yo‘qmi, buning ahamiyati yo‘q. Eng asosiysi, bu Suriya xalqi manfaati uchun amalga oshiriladi va hozirda amalda bo‘lgan qonunlarga to‘liq mos tushadi – sizlar fuqaro sifatida avtomat bilan yugurib, qurolni odamlar va ularning mulkiga qarshi qarata olmaysizlar, bunga haqqingiz yo‘q”, — dedi u Germaniya telekanallarining biriga bergan intervyusida. ARD telekanali o‘sha suhbatdan bir parchani o‘z rasmiy saytida e’lon qildi.
27-fevral qoq yarim tundan boshlab Suriyada tinchlik tartibi o‘rnatilgan edi. “Tinchlik sulhi” “Islom davlati” va “Jabhat an-Nusra” terrorchilik uyushmalariga joriy etilmasligi, ularga qarshi harbiy harakatlar davom etishi ta’kidlab o‘tildi.
Suriya hukumati o‘t ochishni to‘xtatish borasida Rossiya va AQSh o‘rtasida kelishilgan bitimga o‘z roziligini bildirdi. Ayrim muholifat kuchlar bu bitimga ishonchsizlik bilan qaragan bo‘lsa-da, ammo jangovor harakatlarni to‘xtatish g‘oyasi Suriya hukumatiga qarshi kuchlar tomonidan ham ma’qullandi: Rossiya davlati Mudofaa vazirligi general-mayori Igor Konashenkoning so‘zlariga qaraganda, ushbu bitim e’lon qilingan kunning o‘zidayoq tinchlik o‘rnatilishiga rozi bo‘lgan tomonlardan o‘nlab murojaatlar kelib tushgan.
Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Mixail Bogdanov esa “Tinchlik bitimi”ga qo‘shilmaydiganlar Rossiya va AQSh tomonidan bombardirovka qilinishi mumkinligini ta’kidladi.