TOShKENT, 27 fev – Sputnik. “Su-24” mojarosidan so‘ng Rossiya va Turkiya o‘rtasida yuz bergan qarama-qarshiliklar Turkiya iqtisodiyotiga juda katta ziyon yetkazmoqda, deb yozadi Al-Monitor tahlillar portali.
Rossiya-Turkiya o‘rtasidagi inqirozning eng birinchi qurboni Turkiyadan sut mahsulotlarini yetkazib beruvchi Aynes Food Industry and Trade Inc kompaniyasi bo‘ldi. Rossiya tomonidan Turkiyadan kirib keluvchi oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yilgan embargo tufayli ushbu kompaniya xonavayron bo‘lish darajasiga kelib qoldi.
Turkiyadagi JCR kredit agentligi prezidenti Orxan Okmenning so‘zlariga qaraganda, 2016-yilda mamlakatdagi kompaniyalar yanada kattaroq iqtisodiy muammolarga duch keladi. Oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yilgan ta’qiq, shuningdek, sayyohlik va qurilish sektorlariga nisbatan e’lon qilingan sanksiyalar tufayli Turkiya 15 milliard dollar yo‘qotadi.
Nashrda ta’kidlanishicha, boshqa sektorlardagi muammolar bank sohasida ishonch inqirozini vujudga keltirgan. Turkiyadagi banklar yangi kreditlarni berishga oshiqmayaptilar, kredit olganlardan esa qarzlarini tezroq qaytarishlarini talab qilmoqda. Banklar Rossiya bilan o‘zaro munosabatlarda ro‘y bergan inqiroz tufayli kompaniyalar olgan qarzlarini qaytarolmaydigan holatga kelib qolishidan cho‘chimoqda.
"Biz jarlik yoqasiga kelib qoldik. Bu yil sayyohlik biznesi butun dunyo bo‘yicha inqirozga yuz tutgan, ammo biz jang maydonlari(Suriyadagi urush, demoqchi – tahr.)ga yaqin borganimiz sari, bu muammo bizga ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deydi turk ETS Tours turoperatori egasi Murod Ersoy.
Turkiya sayyohlik industriyasi vakillari prognozlariga ko‘ra, turistik sektordagi yo‘qotishlar 500 mingdan ortiq ishchi o‘rnini tashkil etishi mumkin.