TOShKENT, 24 fev — Sputnik, Aleksey Bogdanovskiy. Respublikachilar partiyasining eng yorqin vakili Donald Tramp tez orada o‘zini prezidentlarga xos tarzda tutishni boshlashini ta’kidladi, RIA Novosti xabariga ko‘ra.
Fox News telekanalida, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan intervyu davomida, milliarderga uning barcha “tomoshabop chiqishlarini” eslatib o‘tishdi. Misol uchun, xalq ko‘z o‘ngida Rim papasi — Fransisk tanqidiga o‘ta qo‘rslik bilan javob qaytarganini, o‘z chiqishlarida sobiq prezident kichik Jorj-Bushni ayovsiz tanqid ostiga olganini hamda partiyadagi raqiblari haqida kamsitib gapirganini…
Milliarderning AQSh va Meksika chegarasida devor qurmoqchi bo‘lgani, musulmonlarni AQShga kiritmaslik taklifi bilan chiqqani ham qattiq tanqidga olingani aytib o‘tildi. Trampning bu hayrotomuz takliflari uning Janubiy Karolinadagi saylovlarda g‘olib chiqishiga halal bera olmadi.
O‘zingizni qachon prezidentlarga xos tuta boshlaysiz, degan savolga, Tramp o‘ziga xos “kamtarlik” ila javob berdi: “Umuman olganda, bu borada faqat Avraam Linkoln mendan o‘zib ketishi mumkin. Qolgan prezidentlarga haqiqiy rahbar o‘zini qanday tutishi kerakligi borasida dars bera olaman”, — deb ta’kidladi u. Qachon shunday bo‘lishi haqidagi savolga, u qisqa qilib “Tez orada”, — deya javob qaytardi.
"O‘ylashimcha, vaqti kelganda, o‘zimni juda ham prezidentlarga xos tutaman. Hozir esa hayot uchun kurashapman. Men juda ko‘plab iqtidorli va qattiqqo‘l insonlar bilan kurash olib borishga majbur bo‘ldim. Shu bois, o‘z hatti-harakatlarim haqida o‘ylashga menda vaqt bo‘lgani yo‘q", — xulosa qildi Tramp.