TOShKENT, 13 fev — Sputnik. Ukraina prezidenti Potr Poroshenko Munxenda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro xavfsizlik anjumanida litvalik hamkasbi Dalya Gribauskayteni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirishga chaqirdi, deb xabar qildi Ukraina prezidenti matbuot-xizmati.
"Xavfsizlik masalalari bo‘yicha Munxenda o‘tkazilgan anjuman davomida prezident Potr Poroshenko Litva rahbari Dalya Gribauskayte bilan uchrashdi. Poroshenko litvalik hamkasbini hozirda Donbassdagi vaziyatdan xabardor qilib, Rossiyaga qarshi sanksiyalar uzaytirilishi lozimligi ta’kidladi. Poroshenkoning so‘zlariga qaraganda, Rossiya “Minsk-2” kelishuvi bo‘yicha shartlarni bajarmayapti”, — deyiladi Ukraina prezidenti matbuot-xizmati xabarida.
Ukraina hukumati va G‘arb mamlakatlari Moskvani ko‘p marta Kiyevning ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblab kelishgan. Rossiya esa bu ayblovlarni inkor etib, ularni asossiz deb atab kelgan. Moskva o‘zining Ukrainadagi ichki ziddiyatlarga hamda mamlakat janubi-sharqidagi mojarolarga aloqador emasligini, aksincha, Kiyev siyosiy va iqtisodiy inqirozni yengib olishidan manfaatdorligini ko‘p bor takrorlab kelgan.