TOShKENT, 5 fev — Sputnik. BBC telekanali sobiq Liviya rahbari Muammar Qaddafiy umrining oxirgi daqiqalari tasvirlangan videolavhani namoyish qildi, RIA Novosti xabariga asosan.
Videolavhada 2011-yil oktabrida Qaddafiy qo‘lga oliniganidan keyingi bir necha daqiqa namoyish etilgan. Video boshida yaralangan Qaddafiy bir guruh qurolli odamlar tomonidan mashinada olib ketilayotgani ko‘rsatilgan. Lavhaning ikkinchi qismida esa qonga belangan Qaddafi mutlaq harakatsiz holatda ko‘rsatilgan.
Xalqaro sud Muammar Qaddafiyni qotillik va boshqa jinoyatlarda ayblab hibsga olishga hukm chiqardi. Shundan keyin AQSh qurolli kuchlari yordamida Liviya muxolifat kuchlari hukumat boshiga keldi. 2011-yil oktabrida qochib ketayotgan Qaddafiy qo‘lga olinib qatl qilindi.
Qaddafiy ushbu jinoyatlarda haqiqatdan ham aybdormidi yoki yo‘qmidi bu ko‘pchillika qorong‘u. Uning yagona aybi — uning boyligi bo‘lgan bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Liviya markaziy bankida bo‘lgan 143,8 tonna oltin va mamlakatning behisob neft zahiralari juda yaxshi o‘lja, albatta.
Eng achinarlisi, Qaddafiy yo‘q qilinganidan keyin o‘ziga to‘q yashagan Liviya xalqi boshiga qora kunlar tushdi. Buyuk Britaniyaning Telegraph gazetasi yozishicha "Shundan keyin, Liviya xonavayron bo‘ldi, mamlakatda fuqarolik urushi alangasi hali ham so‘ngani yo‘q. Liviyaning aksariyat hududi esa “Islom Davlati”ga aloqador radikal guruhlar tomonidan nazoratga olindi…"
Ba’zi mutaxassislar fikriga ko‘ra, Qaddafiy o‘ldirilishi haqidagi ushbu videolavha BBC telekanalida aynan hozir paydo bo‘lgani bejiz emas. Kimdir, Yaqin Sharq mamlakatlariga AQShga bo‘y so‘nmagan prezidentlarning holi nima kechishini eslatib qo‘ymoqchi bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.