TOShKENT, 28 yanv – Sputnik. Prezident matbuot-kotibi Dmitriy Peskov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning shaxsiy hayoti haqida gapirishni xohlamadi.
Bundan sal oldin OAVlarda Rossiya prezidentining sobiq rafiqasi turmushga chiqqani haqida xabarlar tarqalgan edi. Vladimir Putin o‘z vaqtida jurnalistlarning “Rossiya qachon yangi birinchi xonimga ega bo‘ladi?”, degan savoliga javoban, avval sobiq turmush o‘rtog‘ini turmushga uzatishi, shundan so‘ng o‘zi oila qurishi mumkinligi haqida aytgan edi.
"An’analarga xilof ravishda prezident shaxsiy hayoti haqida gapirish niyatim yo‘q. Biz bunday qilmaganmiz va qilmaymiz ham”, — deb javob berdi Peskov Rossiya prezidenti kelajakda oila qurishi mumkinmi, degan savolga javob berar ekan.
Putinlar oilasi 2013-yilning iyunida ajrashishlari haqida e’lon qilishgan edi. Salkam 30-yil birga yashagan juftlikning — Mariya va Yekaterina ismli qizlari bor. Vladimir Putin va Lyudmila Putina OAV vakillariga nikohlari bekor qilinganiga qaramay, yaqin inson bo‘lib qolganliklari to‘g‘risida ko‘p bora ta’kidlashgan.
Dmitriy Peskov, shuningdek, Lyudmila Putinaning turmushga chiqqqanligi to‘g‘risidagi mish-mishlarga ham izoh berishdan bosh tortdi.