TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. Turkiyaning qurdlar istiqomat qiluvchi provinsiyalarida zo‘ravonlik harakatlari amalga oshirilishiga o‘z noroziligini bildirib, Turkiya hukumatiga ochiq murojaat yo‘llagan 24 nafar turk olimi ozod qilindi, xabar qiladi RIA Novosti.
Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin 1128 nafar turk va chet el olimlari “Biz bu jinoyat ishtirokchilariga aylanishga qarshimiz” degan sarlavha ostida murojaatnoma chop etib, Turkiya hukumati rahbarlarini mamlakat janubi-sharqidagi “qirg‘in-barot"ga chek qo‘yishga va qurdlar masalasini tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan edilar.
Murojaatnomaga imzo chekkanlar orasida jahonga mashhur olimlar – tilshunos Noam Xomskiy, geografchi Devid Xarvi, sotsiolog Immanuil Vallerstayn va boshqalar bor edi. Turkiya Ta’limi Oliy kengashi bunga javoban ushbu murojaatnomaga imzo chekkan turk olimlariga qarshi yuridik choralar qo‘llanilishini e’lon qildi.
Hibsdan ozod qilingan olimlar ustidan tergov ishlari davom etmoqda. Shuningdek, murojaatnomaga qo‘l qo‘ygan Stambul universitetining 123 olimi ustidan ham jinoiy ish qo‘zg‘atigan. Shular orasida, 41 nafar olim o‘z lavozimdan chetlatilib, universitetdan haydalishi mumkin.
Turkiya hukumati tomonidan mamlakat janubi-sharqidagi bir qator aholi puntklarida dekabr oyida “komendant soati” e’lon qilingan edi. Asosan qurdlar yashaydigan ushbu shaharlarda mamlakat harbiylari va Turkiyada faoliyati ta’qiqlangan Qurdiston Ishchi partiyasi o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y berishi davom etmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha Turkiya fondi xabariga ko‘ra, 2015-yilning 16-avgustidan buyon terrorchilarga qarshi operatsiyalar o‘tkazilayotgan ushbu hududda 162 nafar tinch aholi halok bo‘lgan.