TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. “Al-Qoida” terrorchilik guruhi yetakchisi Oymon az-Zavohiriy Saudiya Arabistoniga hujum uyushtirishga da’vat qilmoqda, xabar qiladi RIA Novosti, The Independent ma’lumotiga tayangan holda.
Shu haftada e’lon qilingan 7 daqiqalik audiomurojaatda jangarilar yetakchisi o‘z izdoshlarini Saudiya Arabistoni qiroli oilasiga hujum uyushtirishga chaqirgan. O‘z da’vatida u Saudiya Arabistonini “diningizning buzilishiga sababchi bo‘lgan chirigan davlat”, deb atagan.
Az-Zavohiriy “Salib yurishi qatnashchilari ittifoqi”ga qarshi ham hujum uyushtirishga chaqirgan. U bu nom ostida Isroil davlati va uning g‘arbiy ittifoqdoshlarini nazarda tutgan. Terrorchilar yetakchisi ushbu hujum Saudiya Arabistoni uchun katta zarba bo‘ladi, deb ishonch bildirgan.
Terrorchilar yetakchisi murojaati Saudiya Arabistonida amalga oshirilgan qatldan so‘ng e’lon qilindi. Nashrda ta’kidlanishicha, qatl qilinganlarning aksariyati “Al-Qoida” amalga oshirgan hujumlarda ishtirok etganlikda ayblangan.
Saudiya Arabistoni qirolligi 2-yanvar kuni 47 kishi, shu jumladan, shia imomi Nimr an-Nimr qatli haqida e’lon qilgan edi. Shia targ‘ibotchisining qatli Eron shia siyosiy va diniy arboblarini qattiq g‘azablantirdi va bu oxir-oqibat, ommaviy noroziliklarga aylanib ketdi. Norozilik namoyishi ishtirokchilari Erondagi Saudiya Arabistoni elchixonasiga hujum uyushtirishdi. Ushbu hodisalardan so‘ng, Ar-Riyod Tehron bilan diplomatik aloqalarni tamomila uzishga qaror qildi. Sunniylar hukmron qiladigan yetakchi arab mamlakatlaridan biri — Ar-Riyodni qo‘llab-quvvatlash maqsadida — Bahrayn, Sudan, Somali va Jibuti davlatlari ham Eron bilan diplomatik aloqalarga chek qo‘ydilar. Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt va Qatar davlatlari esa Tehron bilan diplomatik munosabatlarni ishonchli vakil darajasigacha tushirdi.