TOShKENT, 14 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Qurolli kuchlari tashkil etilganining 24-yilligi munosobati bilan, Islom Karimovning Vatan himoyachilariga bayram tabrigi, Prezident matbuot xizmati xabari asosida.
Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, qadrli yurtdoshlar!
Sizlarni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 24-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etish menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Biz chorak asr mobaynida bosib o‘tgan murakkab yo‘limizga nazar tashlar ekanmiz, o‘z vaqtida qabul qilingan va chuqur o‘ylangan islohotlar dasturini amalga oshirish natijasida O‘zbekiston bugungi kunda professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan, yaxshi ta’minlangan, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli, mamlakatimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalarni samarali ado etish, fuqarolarimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyasiga ega, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Mamlakatimizning zamonaviy Qurolli Kuchlarini tashkil etishda harbiy qurilish sohasiga prinsipial jihatdan yangicha yondashuvning ishlab chiqilgani ko‘p jihatdan hal qiluvchi omil bo‘ldi. Bu yondashuv eski, o‘z umrini o‘tab bo‘lgan, bir qolipdagi qarorlardan butunlay voz kechish, ehtimol tutilgan harbiy harakatlar teatri hamda yaqin va uzoq yon-atrofimizda shiddat bilan o‘zgarib borayotgan vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlarini har tomonlama hisobga olish, shuningdek, xorijiy davlatlarning tajriba va yutuqlarini amaliy jihatdan puxta o‘zlashtirishga asoslanganini ta’kidlash lozim.
Bugun biz, milliy armiyamiz tarixiy va milliy an’analarimizni saqlagan holda, harbiy qurilish va harbiy san’at sohasida dunyodagi eng yaxshi tajribalarni o‘zlashtirib, chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlashning ishonchli kafolatiga aylandi, deb g‘urur bilan ayta olamiz. O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining tayanchi va suyanchi bo‘lgan zamonaviy harbiy xizmatchilar timsolida biz avvalambor chuqur bilim va intellektual salohiyatga, o‘z muqaddas harbiy burchini bajarish yo‘lida qat’iy iroda va mustahkam tayyorgarlikka ega bo‘lgan, ona yurtimizga sadoqatli, mard va fidoyi insonlarni ko‘ramiz va ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Hurmatli vatandoshlar!
Fursatdan foydalanib, bizning Harbiy doktrinamiz mudofaa xarakteriga ega ekanini, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirish yo‘lidagi barcha sa’y-harakatlarimiz birinchi navbatda mamlakatimizning davlat suvereniteti, uning hududiy yaxlitligi, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishga qaratilganini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.
Aynan shuning uchun ham O‘zbekiston hech qaysi harbiy blokka qo‘shilmaydigan davlat sifatida, har tomonlama chuqur o‘ylagan va to‘liq anglagan holda, o‘zi uchun prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan muhim yo‘lni tanlab oldi va shu yo‘lda qadam qo‘ydi. Ya’ni, mamlakatimiz tinchliksevar siyosat olib borish, harbiy-siyosiy ittifoq va koalitsiyalarga qo‘shilmaslik, o‘z hududida xorijiy harbiy baza va obektlarni joylashtirmaslik, yurtimizdan tashqarida bo‘ladigan tinchlikparvarlik operatsiyalarida qatnashmaslik bo‘yicha o‘z pozitsiyasini aniq-ravshan belgilab oldi.
Bugungi bayram ayyomida, avvalambor, o‘zining sharafli, olijanob va mas’uliyatli burchini – Vatanni himoya qilishdek buyuk vazifani munosib ado etayotgan harbiy xizmatchilarning ota-onalariga chin qalbdan o‘zimning samimiy minnatdorligimni bildiraman.
Yangi – 2016-yilda Qurolli Kuchlarimiz saflarida muqaddas burchini bajarib kelayotgan siz, mard va botir o‘g‘lonlarimizga – oddiy askar va serjantlarga, ofitser va generallarga Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish yo‘lida mustahkam sog‘liq, kuch-quvvat va katta muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga baxt va farovonlik tilayman.
Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni