TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. “Suriya osmonida Rossiya bombardimonchisini urib tushirib, Rossiyaga bo‘lib o‘tgan voqeani tushuntirib berish o‘rniga, “NATO shtab-kvartirasiga diydiyo qilib borgan” Turkiyaning hatti-harakatlari juda g‘alati va pastkashlarga xos”, — deb ta’kidladi Rossiya yetakchisi Germaniyaning “Bild” nashriga bergan intervyusida.
"Turkiya rahbariyati terrorchilarga aviazarbalar bergan bombardimonchimizni urib tushirib, harbiy jinoyatga qo‘l urdi. Turkiya qilgan ishi yuzasidan Rossiya bilan orani ochiq qilib olish o‘rniga, NATO shtab-kvartirasiga yugurib, “diydiyo” qilishga tushdi. Mening nazdimda, bu juda g‘alati va pastkashlarga xos harakat", — dedi Putin.
Putin, shuningdek, Rossiya-Turkiya munosabatlaridagi muammolar Turkiya NATOga a’zoligi uchun yuzaga kelmaganini alohida ta’kidladi.
"Turkiya ‒ NATO a’zosi. Ammo yuzaga kelgan muammolar Turkiyaning NATOga a’zoligiga bog‘liqmas. Turkiyaga hech kim hujum qilgani yo‘q", — dedi u.
"Yana bir bor takrorlayman: NATO o‘ziga a’zo davlatlarni hujumlardan himoya qilmog‘i lozim, ammo Turkiyaga hech kim hujum qilayotgani yo‘q. Nima, agar Turkiya dunyoning qaysidir bo‘lagidan yoki o‘z yaqinida joylashgan davlatdan manfaatdor bo‘lsa, demak NATO, u ko‘zlagan manfaatlarni o‘z himoyasiga olib, amalga oshirishga yordam berishi kerak ekanda? Bu NATOning Germaniya singari a’zosi Turkiyaga unga yaqin hududlarni o‘zlashtirishda ko‘maklashishi kerak, degani emasmi?" — qo‘shimcha qildi Putin.
Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar sermahsul natijalarni berayotgan edi. Ikki davlat prezidentlari Vladimir Putin hamda Rajab Toyib Erdo‘g‘on yil mobaynida bir necha bor uchrashib, kelajakda davlatlar o‘rtasidagi tovar ayrboshlash hajmini 2014-yilgi 30 milliarddan 100 milliardga yetkazish istiqbollari haqida kelishuvlarni muhokama qilib turgan bir paytda, ya’ni 24-noyabr kuni Turkiyaning F-16 qiruvchisi Suriya osmoni ustida Rossiyaning Su-24 bombardimonchisini urib tushirdi.
Putin bu harakatga "terrorchilar hamtovoqlari tomonidan orqadan berilgan zarba” deya baho berdi. Anqara Su-24 Turkiya havo chegarasini buzganligida qat’iy turgan bir paytda, Rossiya Bosh shtabi Su-24 Turkiya havo chegarasini buzmaganini, Suriya Harbiy Mudofaasi ma’lumotlari buni tasdiqlashini ta’kidlamoqda.