TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. AQSh boshchiligidagi “Islom Davlati” terrorchilik uyushmasiga qarshi koalitsiya 900 kilogramm og‘irlikka ega bombalar yordamida Iroqning Mosul shahrida aviazarbalarni amalga oshirdi.
Aviazarbalar natijasida terrorchilik uyushmasining naqd mablag‘lari saqlanadigan punkt yo‘q qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, gap millionlab dollar haqida bormoqda, RIA Novosti Frans Press xabari asosida.
AQSh Mudofaa vazirligi vakili koalitsiya yetkazgan zarar miqdori millionlab dollarlarga baholanayotganini aytib o‘tdi va bu pullarning barchasi noqonuniy yo‘l bilan: talonchilik, tovlamachilik, shuningdek, neft savdosi orqali topilganini qo‘shimcha qildi.
“ID” terrorchilik uyushmasining oylik daromadi 80 million dollarni tashkil qiladi. Bu mablag‘ning 43% neft savdosi orqali topiladi, xabar qildi RIA Novostiga IHS tadqiqot markazi vakili o‘tkazilgan analizlar yakuniy xulosasiga tayangan holda. AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra “Islom Davlati” neft savdosi orqali oyiga 50 million dollargacha, yiliga esa — 500 million dollar daromad oladi.
AQSh boshchiligidagi koalitsiya “ID” terrorchilariga qarshi kurashda navbat Mosul shahriga kelganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Koalitsiya terrorchilar tomonidan qarshiliklarsiz bosib olingan ushbu shaharni ozod qilishni maqsad qilib qo‘ygan.