TOShKENT, 7 yanv — Sputnik. Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘on Saudiya Arabistoni tomonidan amalga oshirilgan qatllar mamlakatning ichki siyosiy ishi, deb atadi, RIA Novosti, Reyter xabari asosida.
Bundan sal oldin Turkiya Bosh vaziri o‘rinbosari No‘mon Qurtulmush keng miqyosdagi norozilik namoyishlari hamda Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga sabab bo‘lgan shia targ‘ibotchisi an-Nimr qatliga izoh berar ekan, Anqara har qanday o‘lim jazosiga, ayniqsa, siyosiy sabablar tufayli amalga oshiriladiganlariga keskin qarshi ekanini ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi tomonidan 47 kishi, shu jumladan, shia targ‘ibotchisi Nimr an-Nimrning qatl etilishi haqidagi xabari Eronda ommaviy norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi. Bu o‘z navbatida Ar-Riyod va Tehron o‘rtasida diplomatik munosabatlar batamom uzilishiga sabab bo‘ldi.