TOShKENT, 23 dek – Sputnik. Qirg‘iziston hukumati Kanadaning Centerra Gold kompaniyasi bilan olib borayotgan muzokaralarini to‘xtatganini e’lon qildi, RIA Novosti Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabariga asosan ma’lum qilmoqda.
“Qirg‘iziston hukumati "Senterra Gold Ink" kompaniyasiga “Qumtor” loyihasi shartnomasini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha muzokaralar jarayonidan chiqishini rasman e’lon qildi”, — deyilgan matbuot xizmati xabarida.
Qirg‘iziston janubida joylashgan “Qumtor” koni oltin zahiralari bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda, O‘rta Osiyoda esa birinchi o‘rinda turadi. U yerdagi oltin zahiralari hajmi 700 tonnani tashkil qiladi.
Qirg‘iziston sobiq prezidentlari Askar Akayev va Kurmanbek Bakiyev davrida tuzilgan shartnomalar natijasida, hozirgi kunda Qumtor oltin koni 100% Centerra Gold kompaniyasining mulki. Qirg‘iziston bo‘lsa ushbu kompaniyaning eng yirik aksiyadori — 33% aksiyalar ulushi egasi, lekin Qirg‘iziston kompaniya boshqarishda qatnashmaydi.
2012 yilda tuzilgan davlat komissiyasi Centerra Gold bilan tuzilgan shartnomada bir qator qonunbuzarliklar hamda oltin qazib olish jarayonida ekologik zarar yetkizilayotganligi aniqlandi. Qirg‘iziston Parlamenti respublika hukumatiga Centerra Gold shartnomani qayta ko‘rib chiqishni topshirgan edi.
Qirg‘iziston uchun manfaatsiz bo‘lgan shartnomani qayta ko‘rib chiqish borasidagi muzokaralar uch yildan ziyod davom etgan bo‘lsada, aniq natijaga erishilmadi. Qirg‘iziston tomonining kompaniyaning 33% aksiyasini Qumtor koning dastlab 50% keyin 67% ulushiga almashtirish haqidagi taklifiga Senterra Gold rozi bo‘lmadi.
Hukumat vakillarining aytishicha, tomonlar loyihaning “moliyaviy va iqtisodiy tomonlari bo‘yicha kelisha olmagan. Xususan, "Senterra Gold Ink" tomonidan, kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish, uni boshqarish va sudlarga murojaat qilish masalalari bo‘yicha mutlaq qabul qilib bo‘lmaydigan shartlar qo‘yilgan.
Undan tashqari, konda mavjud bo‘lgan ekologik muammolarning ham umumiy yechimi topilmagan.
Hozirgi kunda Respublika Parlamenti Qumtor konining kamida 67 % ulushi Qirg‘izistonga tegishli bo‘lishi kerakligini, aks holda ushbu oltin koni to‘liq milliylashtirilishi (davlat hisobiga o‘tkazilishi) talab qilmoqda.