TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Rossiya xoxishiga ko‘ra, “qora quti” ochilishida ushbu mojaroga befarq bo‘lmagan barcha tomonlar ishtirok etishi mumkin. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bu haqda shaxsan gapirdi.
"Oldindan aytib qo‘ymoqchiman, to‘g‘ri, “qora quti”da nimalar yozilganini bilish, biz uchun muhim, ammo biz nimani bilishimizdan qat’iy nazar, Turkiya hukumati tomonidan sodir etilgan harakatga nisbatan bizning munosabatimiz o‘zgarmaydi. Biz, yana bir marta takrorlayman, Turkiyaga nisbatan, nafaqat do‘st mamlakat, balki, terrorchilikka qarshi kurashda ittifoqdosh sifatida qarar edik. Zimdan zarba berishdek, xoinona hatti-harakatni, ulardan hech kim kutmagan edi", — dedi Putin.
Shu bilan birga, prezident, Rossiya Su-24 “qora quti”si ichidagi ma’lumotning barcha tafsilotlarini bilishni kerakligini alohida ta’kidladi.
"Shu bois, ushbu moslama ustida, xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda, juda sinchkov, puxta va professional darajada ish olib borish lozim. Shu ishda qatnashish istagini bildirganlarning barchasini taklif qilmog‘imiz kerak”, — deya qayd qildi Putin.
O‘z navbatida, Sergey Shoygu, o‘tkazilgan maxsus operatsiya natijasida Su-24 qulagan hududda uchuvchini o‘qqa tutgan jangarilar aniqlanmaganligi haqida xabar qildi. Sababi, bu hudud biroz oldin Suriya harbiylari va maxsus qo‘shinlari tomonidan terrorchilardan tozalangan edi.
Jangarilar samolyotga tegmaganliklari sabab, “qora quti”ni yechib olishga va Moskvaga olib kelishga muvaffaq bo‘ldik, deb qo‘shimcha qildi Mudofaa vaziri. “Qora quti” ma’lumotlarini tahlil qilish ishlari tez orada boshlanadi.
Rossiya Harbiy Havo Kuchlariga qarashli Su-24 bombardimonchi samolyoti Suriya hududida Turkiyaning F-16 qiruvchi raketasi tomonidan urib tushirilgan edi. Turkiya o‘z hatti-harakatini mamlakat chegarasini himoya qilganligi bilan oqlamoqchi bo‘ldi. Ammo Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Su-24 Turkiya havo chegarasini kesib o‘tmagan va mamlakat harbiylaridan hech qanday ogohlantirish olmagan.
Anqara ushbu mojaro yuzasidan shu kunga qadar rasman uzr so‘ragani yo‘q. Turkiyaning ushbu hatti-harakatlariga javoban Rossiya bir qancha "jiddiy" iqtisodiy sanksiyalar kiritdi va mamlakat chegarasini vizasiz kesib o‘tish to‘xtatildi.