TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Turkiya hukumati Suriyadagi ahvol tobora jiddiy va xavfli tus olayotganligi sabab, chegarada zenit-raketa–kompleksi(ZRK)ni joylashtirishga qaror qildi. Shu bois, “Eurosam” fransiya-italiya konserni bilan muzokaralarning yangi bosqichini boshladi. ZRK ishlab-chiqarish texnologiyasi bilan tanishib chiqqan Turkiya hukumati rahbarlari, endilikda muzokaralarni davom ettirishni rejalashtirishmoqda.
Bir oz vaqt oldin, Turkiya, umumiy qiymati 3,4 milliard dollarga teng raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi uchun komponentlarni ishlab chiqarish xalqaro tenderidan voz kechganligini tasdiqlagan edi. U o‘zining ushbu harakatini raketa hujumiga qarshi o‘z milliy loyihasini ishlab chiqarishga qaror qilganligi bilan izohladi.
Turkiya Suriya bilan chegarasida yuzaga kelgan notinch vaziyatni inobatga olib, Xitoy bilan kelishmagan holda, o‘tgan haftada o‘z harbiy-texnika delegatsiyasini Fransiya va Italiyaga safarbar etdi. Turkiya delegatsiyasi “Eurosam” konserni tomonidan ishlab-chiqariladigan SAMP/T zenit-raketa-kompleksi texnologiyasi bilan tanishib, ballistik raketalar sinovida ishtirok etdilar.
Konsern vakillari yaqin kunlarda Anqaraga tashrif buyurishadi va muzokaralar davom ettiriladi. Konsernga qo‘yilayotgan asosiy talab — bu ishlab chiqarish texnologiyasini Turkiyaga berish talabidir. Agar tomonlar o‘zaro kelisha olsalar, “Eurosam” tomonidan ishlab chiqarilgan ZRK vaqtinchalik batareyalari Turkiya bosh shtabi tomonidan belgilangan chegara qismida joylashtiriladi.
Raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi komponentlarini xarid qilish uchun 4 milliard dollarlik tender haqida Turkiya 2009-yil e’lon qilgan edi. 2013-yilning sentabrida Xitoyning CPMIEC kompaniyasi tender g‘olibi sifatida e’lon qilindi. Xitoy kompaniyasidan tashqari amerikaning “Raytheon & Lockheed Martin” konsorsiumi, fransiya-italiyaning “Eurosam” konserni va Rossiyaning “Rosoboroneksport” kompaniyalari tenderda ishtirok etgan edilar.
Xitoy tender bo‘yicha raqiblaridan farqli o‘laroq, raketa kompleksining ma’lum qismlarini Turkiyada ishlab-chiqishga va o‘z texnologiyasini unga berishga rozi bo‘ldi. Ammo tomonlar Turkiyaning bu jarayonda ishtiroki darajasi borasida kelishuvga kelolmadilar. Bundan tashqari, Xitoyning g‘olib sifatida e’lon qilinishi Turkiyaga uning NATOdagi ittifoqchilari tomonidan bosim o‘tkazilishiga sabab bo‘ldi.