Barak Obama, AQSH harbiylari dunyoning istalgan mamlakatida, terrorchilarga qarshi kurashni davom ettirishini aytdi. Birinchi navbatda, Suriya va Iroqdagi DAISH pozitsiyalariga aviazarbalar berishda davom ettirishini taʼkidladi.
“Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida, Suriya va Iroq Qurolli kuchlarini qoʻllab-quvvatlashni yanada faollashtiramiz", — dedi AQSH prezidenti oʻz chiqishi davomida.
Obamaning taʼkidlashicha, AQSH Turkiya bilan hamkorlikda Suriya va Turkiya oʻrtasidagi chegarani yopish ustida ish olib bormoqda. Bu bilan Suriyaga jangarilar oʻtishi va ularni moddiy tomondan taʼminlashga chek qoʻyilishiga ishonch bildirilmoqda.
"Amerika rahbarligi ostida Xalqaro Ittifoqchilar koalitsiyasi Suriyadagi urushni toʻxtatishning siyosiy yechimi ustida ish olib bormoqda. Bu nafaqat Suriya xalqi, balki ittifoqchilarimiz safidan oʻrin olgan har bir mamlakatga, shuningdek Rossiyaga, har bir mamlakat xavfsizligiga dahl qilayotgan guruh — DAIShni yoʻq qilish uchun birlashish imkonini yaratadi”, — deb qoʻshimcha qildi Obama oʻz nutqida.
U shuni alohida taʼkidladiki, endilikda AQSH Iroq va Suriyada keng koʻlam olgan yangi urushga jalb qilinmasligi lozim. Bu urush, Obamaning aytishicha, minglab amerika harbiylarini halok qilishi mumkin.