TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Suriya Tashqi ishlar vazirligi BMT Xavfsizlik Kengashiga AQSh boshchiligidagi ittifoqchilar ustidan norozilik notasini yo‘lladi. Ittifoqchilar tomonidan mamlakat armiyasi obyektlari zarba ostiga olinishi oqibatida to‘rt nafar Suriya askari halok bo‘lgan, 16 nafari jarohatlangan.
Xabarga ko‘ra, Suriya AQSh tomonidan amalga oshirilgan harakatini juda salbiy baholamoqda va BMT Xavfsizlik Kengashidan tegishli chora ko‘rishni iltimos qilmoqda.
Suriya Tashqi ishlar vazirligi ta’kidiga ko‘ra, yakshanba kuni kechqurun, ittifoqchilarga qarashli to‘rt samolyot Suriya armiyasi obyektlarga to‘qqizta raketa yo‘naltirgan.
"Suriya AQSh boshchiligidagi ittifoqchilar hatti-harakatini jinoyatkorona tajovuzkorlik harakati, deb baholaydi. Bu harakatlar BMT Nizomiga maqsadlariga mutlaqo zid. Shu bois, Xavfsizlik Kengashidan bunga qarshi chora ko‘rilishini so‘raymiz. Bunday holat boshqa takrorlanmasligi shart” – deyilgan yo‘llangan norozilik notasi matnida.
Maktubda keltirilishicha, bu hujum, terrorchilikka qarshi kurashda ma’lum qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda, va bu holat, AQSh ushbu masalaga jiddiy yondashmayotganini yana bir bor ko‘rsatib bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQSh boshchiligidagi ittifoqchilar 2014-yilning sentabridan boshlab Suriyadagi DAISh pozitsiyalari bo‘yicha aviahujumlarni amalga oshirib kelmoqda. Aviahujumlar BMT Xavfsizlik Kengashi Nizomiga bo‘ysunmagan holda amalga oshirib kelinmoqda.