TOShKENT, 2 dek — Sputnik. Rajab Toyip Erdo‘g‘on Turkiya DAIShdan neft sotib olayotgani haqida xabar tarqatayotganlar, buni isbotlamoqlari shart, deb aytmoqda. Shunday bo‘lib chiqqan taqdirda, Turkiya prezidenti shu zahotiyoq, egallab turgan lavozimidan ketishini ma’lum qilgan.
Bu orada, Rossiya Mudofaa vaziri Turkiya o‘z qo‘shnilarini qay tarzda o‘marayotganini isbotlovchi dalillar keltirishda davom etmoqda.
Erdo‘g‘on Su-24 bilan bog‘liq mojaro borasida Rossiya javobidan ranjiyotganini takrorlashdan charchamayapti. Turkiya prezidentining so‘zlariga qaraganda, ikkala tomon uchrashib, gaplashishi, o‘rtadagi nizo diplomatik yo‘l bilan hal qilinmog‘i zarur. “Munosabatlarga o‘t qo‘yish hech kimga foyda keltirmaydi”, — deydi u.
"Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik yuksak salohiyatga ega. Bizning harakatlarimiz Rossiyaga qarshi qaratilmagan. Biz bu mojaro yanada avj olib ketishiga intilmaymiz ham", — dedi Erdo‘g‘on o‘zining Qatardagi safari chog‘ida, mahalliy universitetlarning birida chiqish qilar ekan. Turkiya prezidentining chiqishi NTV telekanali tomonidan translyatsiya qilingan.
"Biz hech qachon hissiyotlarga berilmaganmiz, bundan keyin ham berilmaymiz. Biz xalqaro diplomatiya qoidalariga binoan xarakat qilmoqdamiz. Fikrimiz bitta joydan chiqmagan taqdirda ham, hamkorligimiz davom etgan, ayniqsa, oxirgi vaqtlarda munosabatlarimiz yaxshi kechayotgan edi. Biz bu munosabatlarga putur yetishini istamaymiz. “Su-24” mojarosiga nisbatan Rossiyaning javobini ko‘rib, juda qattiq ranjiyapmiz. Axir bizning pozitsiyamizni butun dunyo to‘g‘ri deb, bildi” —deydi Erdo‘g‘on.