O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,3 foizga o‘sdi: import ko‘paydi, eksport kamaydi

© Sputnik / Baxrom XatamovJD stansiya Tashkent-Tovarniy
JD stansiya Tashkent-Tovarniy  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 28.10.2026
Obuna bo‘lish
2026 yilning 9 oyida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 8,3 foizga o‘sdi. Import 15,7 foizga ko‘paydi, eksport esa 5,5 foizga kamaydi.
TOShKENT, 28 okt — Sputnik. O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida 1 755,5 trln so‘mga yetdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan iqtisodiyotning real o‘sishi 8,3 foizni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining 9 oylik ijtimoiy-iqtisodiy holatga oid hisobotida ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, tashqi savdoda import o‘sishi va eksport qisqarishi kuzatildi. Mamlakatning tashqi savdo aylanmasi 65,4 mlrd dollarga yetgan bo‘lsa, shundan 25,8 mlrd dollari eksport, 39,6 mlrd dollari import hissasiga to‘g‘ri keldi.
O‘tgan yilning mos davriga nisbatan eksport 5,5 foizga kamaydi, import esa 15,7 foizga oshdi. Natijada tashqi savdoda 13,7 mlrd dollarlik manfiy saldo shakllandi.
Umumiy eksport hajmi kamaygan bo‘lsa-da, oltinni hisobga olmaganda, tovarlar eksportida o‘sish kuzatilgan. Xususan, yanvar–avgust oylarida ushbu ko‘rsatkich 28,7 foizga oshgan.
Hisobotga ko‘ra, YaIM o‘sishiga eng katta hissani xizmatlar sohasi qo‘shdi.
Yanvar-sentabr oylarida 1 085,7 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,1 foizga ko‘p.
Sanoatda mashinalar va uskunalar ishlab chiqarish 48,9 foizga, transport uskunalari ishlab chiqarish esa 33,9 foizga o‘sdi.
Narxlar, savdo va xizmatlar
2026 yilning to‘qqiz oyida iste’mol narxlari o‘tgan yil dekabriga nisbatan 4,2 foizga oshdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 2,9 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 4,6 foizga, xizmatlar esa 5,6 foizga qimmatlashdi.
Inflyatsiyaga eng katta ta’sirni oziq-ovqat mahsulotlari hamda turar joy, suv, elektr, gaz va boshqa yoqilg‘i turlari narxlarining o‘zgarishi ko‘rsatdi. Ularning umumiy inflyatsiyaga qo‘shgan hissasi 54 foizni tashkil etdi.
Chakana savdo tovar aylanmasi 432,2 trln so‘mga yetib, 19,7 foizga o‘sdi. Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi esa 1 003,2 trln so‘mni tashkil etib, 16,7 foizga ko‘paydi.
Xizmatlar orasida moliyaviy xizmatlar 22 foizga, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 21,4 foizga, savdo xizmatlari 17,4 foizga o‘sdi.
Shuningdek, 1-oktabr holatiga O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar soni 621,1 mingtaga yetdi. Yilning dastlabki to‘qqiz oyida 68,5 mingta yangi korxona va tashkilot tashkil etildi.
zaglushka - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 08.09.2026
O‘zbekistonda aholi jon boshiga YaIM besh yilda 2,2 baravardan ziyod oshdi — besh yillik dinamika
Yangiliklar lentasi
0