TOShKENT, 17 noya - Sputnik. Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti tomonidan tayyorlangan vaksina sinovining uchinchi bosqichi O‘zbekistonda o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi.
Vaksina "Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va ayni vaqtda O‘zbekistonga olib kelingan.
Nega aynan bu vaksina va ko‘ngillilar qay tarzda saralab olinadi, degan savolga "Maksima" radiosiga bergan intervyusida "Innovatsiyalar vazirligi qoshidagi ilg‘or texnologiyalar markazi direktori o‘rinbosari Alisher Abdullayev javob bergan.
"XXRda o‘tkazilgan 1 va 2-faza sinovlaridan so‘ng vaksinaning butkul xavfsizligi o‘z tasdig‘ini topgani uchun ushbu vaksina tanlab olindi. Ta’kidlashim kerakki, sinovlarning barcha protokollari, natijalari qat’iy belgilangan va BSST tomonidan verifikatsiya qilib boriladi. Nega u xavfsiz? Chunki u nofaol virusga asoslangan. Ya’ni bir necha turdagi vaksinalar mavjud: xususan, adenovirus platformasiga asoslangan, zaiflashtirilgan virusdan foydalanish texnologiyasiga asoslangan vaksinalar. Ayni damda esa organizmga virusning o‘zi yoki adenovirus emas, balki COVID-19ni keltirib chiqaruvchi koronavirus virusining oqsili kiritiladi. Shu tufayli ushbu xitoy vaksinasi eng xavfsiz sanaladi", - deya tushuntirgan Abdullayev.
Radio suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, ko‘ngillilar quyidagi kriteriylarga mos kelishlari lozim:
- ular 18 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan erkak va ayollar bo‘lishi;
- ular jiddiy yoki surunkali kasalliklarga ega bo‘lmasliklari lozim; COVID-19 bilan og‘rimagan bo‘lishlari va allergik kasalliklari bo‘lmasligi;
- tanlab olish davrida barcha ko‘ngillilar ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Xitoy vaksinasining 3-faza sinovlarida ishtirok etmoqchi bo‘lgan ko‘ngillilar bo‘yicha e’lon OAVlarda e’lon qilinadi.