TOShKENT, 22 okt — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi Xitoy vaksinasining klinik sinovlari o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, koronavirusga qarshi rekombinant vaksinaning klinik sinovlarini O‘zbekistonda tashkil etish masalasi bo‘yicha Xitoy Fanlar Akademiyasi Mikrobiologiya instituti va “Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilgan.
Muzokaralar davomida o‘tkaziladigan klinik sinovlarning barcha bosqichlari muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, O‘zbekiston ushbu vaksinani birinchilardan bo‘lib hamda arzon narxlarda xarid qilishda ustuvorlikka ega bo‘lishi ta’kidlangan.
Shuningdek, xitoylik hamkorlar bilan emlash jarayonini tashkil etish, jarayonga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilingan. Klinik sinovlar 18 va undan katta yoshdagi ko‘ngilli insonlarda o‘tkazilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston “Vektor” markazi tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi vaksina sinovlarida ishtirok etishga qiziqish bildirgan edi. Markazning “EpiVakKorona” nomli vaksinasi 14-oktabr kuni ro‘yxatga olindi. Bu koronavirusga qarshi Rossiyaning ikkinchi vaksinasidir.