TOShKENT, 23 apr — Sputnik. Bu yil Toshkentda “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Elbek Shukurov aksiyani o‘tkazish masalalarini Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi vakillari bilan muhokama qildi.
“Hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Fransua Bejo Yevropada o‘tgan asrning 70-yillaridan o‘tkazilishi boshlangan avtomobilsiz kun g‘oyasi hozirda 54 ta davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidlab, bu borada O‘zbekiston, xususan, Toshkent bilan birgalikda ish olib borish taklifini bildirdi”, - deyiladi xabarda.
Fransua Bejoning ta’kidlashicha, Yevropada har yili sentabr oyining uchinchi haftasida avtomobilsiz kun tadbirlari o‘tkaziladi. Bundan maqsad atrof muhitga yoqilg‘i yoqilishidan hosil bo‘ladigan zaharli gaz chiqishi va tarqalishini kamaytirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdir. Tadbir doirasida avtomobillar o‘rniga velosipedda yoki piyoda yurishni targ‘ib qiluvchi turli aksiyalar o‘tkaziladi.
Xalqaro avtomobilsiz kun (World Carfree Day) har yili 22-sentabrda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida, jumladan, Rossiya, Angliya, Fransiyada o‘tkaziladi.
Rossiyaning Belgorod shahri 2005-yilda aksiyaga birinchilardan bo‘lib qo‘shilgan. Moskvada aksiya 2008-yildan buyon o‘tkaziladi.