TOShKENT, 23 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Qozog‘iston prezidenti Kasim-Jomart Tokayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda yozilishicha, Mirziyoyev Qozog‘iston rahbarini joriy yil 9-iyun kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdan tashqari Qozog‘iston prezidenti sayloviga nomzod etib ilgari surilgani bilan qutlagan hamda ushbu muhim siyosiy tadbirning o‘tkazilishida muvaffaqiyat tilagan.
Shuningdek, davlat rahbarlari Qozog‘iston prezidenti kasim-Jomart Tokayevning joriy yil 14-15 aprel kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi natijalarini yuksak baholadilar.
Erishilgan kelishuvlarni hamda sanoat, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda aniq loyihalarni izchil amalga oshirish, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va turizm yo‘nalishlarida faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani alohida qayd etilgan.
Qozog‘iston prezidenti tabrik va samimiy tilaklar uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nursulton Nazarboyev Kasim-Jomart Tokayevni Nur Otan partiyasidan Qozog‘iston prezidentligiga nomzod sifatida ilgari surishni taklif qilgani haqida xabar qilgan edik.
Qozog‘istonda joriy yilning 9 iyun kuni navbatdan tashqari prezident saylovi bo‘lib o‘tadi.