TOShKENT, 26 mar - Sputnik. Toshkentda 25-mart kuni O‘zbekiston prezidenti xalq qabulxonasi tomonidan tashkil etilgan qabul davomida besh yuzga yaqin fuqaro shikoyatlarini tegishli organ rahbarlariga ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Navbatdagi ommaviy qabulda Prezident davlat maslahatchisi birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Muhammadiyev, O‘zbekiston Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov, Bosh prokuror Otabek Murodov, Adliya vaziri Ruslan Davletov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va boshqa mutasaddilar fuqarolarni shaxsan qabul qildi.
"Rahbarlarni xalq qabuliga olib keldik"
Mazkur tadbirning ochilishida O‘zbekiston prezidenti Davlat maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov fuqarolar murojaatlari – xalqning dardu tashvishi ekani va birinchi galda hal etilishi shart bo‘lgan masalaga ekaniga e’tibor qaratdi.
"Odamlar ko‘p hollarda idorama-idora yurib, o‘zlarini qiynayotgan masalalarni hal qilolmay ovora bo‘lmoqda. Shuning uchun barcha eng zarur tizimlarning rahbarlarni xalq huzuriga olib keldik. Bu imkoniyatdan unumli foydalaning", - dedi Davlat maslahatchisi.
Rahbarlarning bevosita qabuli kun bo‘yi davom etdi.
O‘zbekiston Bosh militsioneridan nimalarni so‘rashdi?
Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga huquq-tartibot sohasida ishlab, turli sabablar bilan bo‘shagan sobiq xodimlarning ishga tiklashni so‘rab qilgan murojaatlari ko‘pchilikni tashkil etdi.
Vazir har bir murojaatchini sinchkovlik bilan eshitish barobarida ichki ishlar organlarida kasbiga sadoqatli, fidoyi kadrlar xizmat qilishi zarurligiga urg‘u berib o‘tdi.
Egasiz mulklar va pensiya masalasi
Adliya vaziri qabuliga kelgan o‘nlab kishilar o‘z murojaatlarida uy-joy, ish bilan ta’minlash, egalik huquqi, pensiya kabi masalalar bo‘yicha muammolarini hal qilishda amaliy yordam so‘radi.
Notarusning mas’uliyatsizligi, egalik huquqini ololmaslik, ishga kirishda amaliy yordam so‘ralgan masalalarni Adliya vaziri Davletov joyida hal etishga, odamlarga amaliy yordam berish uchun tegishli xodimlarga shu yerning o‘zida zarur topshiriqlar berdi. Hujjatlardagi bitta harf mos kelmasligi oqibatida necha oylardan beri sarson yurgan Nasiba Zohidovaning ishi hal bo‘ldi, hisob.
Xonadonini o‘z do‘stiga sotish huquqi asosida ishonchnoma orqali foydlanishga bergan, oqibatda uyidan ayrilgan fuqaroning dardini eshitib, vazir o‘ylanib qoldi. Ko‘r-ko‘rona o‘z huquqini o‘zgaga topshirgan, o‘zini o‘z huquqidan mahrum qilib nadomat chekayotgan kishining holi, albatta, juda achinarli. U qanchalik afsuslanmasin, yuqori idora rahbarlariga shikoyat qilmasin, bari befoyda. Chunki yo‘qotilgan huquqni endi tiklash imkonsiz.
Shu kabi buxorolik bir ayolning vafot etgan o‘g‘lidan qolgan nabiralarini 14-yilki ko‘ra olmayotganidan yozg‘irib ko‘z yosh to‘kishi ham huquq meyorlariga to‘g‘ri kelmaydi. Axir huquqlar o‘z vaqtida kerakli idoraga borib talab qilingandagina u sizning manfaatingizga moslashadi. Lekin ayrimlar hamon kattaroq rahbarning oldiga borib "Adolat yo‘q, qani haqiqat?" deb deb to‘polon ko‘tarib ishimni hal qilaman, deb o‘ylab qattiq adashmoqda.
"Qabul davomida fuqarolarning huquqiy ongi masalasida hali muammolar borligini yana bir karra his qildim. Avvallari huquqiy madaniyatga yuksaltirishga qaratilgan ko‘p ish qilingan. Ammo huquqiy ong masalasi bilan hech kimning ishi bo‘lmagan. Bugun ayrim odamlar qaysi idora qanday ish bilan shug‘ullanishini bilmasdan eshikma-eshik, idorama-idora sarson bo‘layotgani o‘sha besamar ishlar mahsuli, desak xato bo‘lmaydi. Bugun ham o‘nlab kishilarni "sizning ko‘tarib kelgan masalangiz sudga taalluqli", deb ularni sud qabuliga yo‘naltirdik. Ayrim kishilar esa "Yo‘q mening ishimni siz hal qilib berishingiz kerak", deb turib olayotgani esa hech aqlga sig‘maydi. Meni quvontirgani, qabulga kelgan ayrim fuqarolar adliya tizimi faoliyati bilan bog‘liq kamchiliklarni ro‘y-rost aytib, sohani yanada yaxshilash uchun o‘z takliflarini bildirgani bo‘ldi. Biz bularni albatta inobatga olamiz. Xalqqa maksimal qulaylik yaratish uchun adliya tizimi xodimlariga eng qattiq choralarni ko‘rish zarur bo‘lsa, albatta ko‘ramiz", - deydi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov.
Bosh prokuror: o‘zbekistonliklarning 90%i suddan norozi
Bosh prokuror qabuliga kirgan uyi olib qo‘yilgan, yeridan mahrum bo‘lib qolgan, korxonasidan ayrilgan, biznesidan judo bo‘lgan o‘nlab kishilar huquqlarini tiklashda amaliy yordam so‘radi. Bularning bari, albatta, alohida o‘rganish talab qiladigan, tekshiruv o‘tkazilishi shart bo‘lgan masalalar hisoblanadi. Shuning uchun barchasi nazoratga olinib, tegishli mas’ul shaxslarga qonuniy hal qilish uchun topshirildi.
Bosh prokuror ommaviy qabulga shikoyat ko‘tarib kelgan fuqarolarning 90 foizi suddan noroziligini, ammo shikoyatchilarning hammasi ham haq emasligini ta’kidladi.
Toshkent hokimi o‘z qat’iyatini ko‘rsatdi
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qabuliga kirgan S.Niyozova 2018-yil 5-yanvarda uyi buzilgani, shundan beri bola-chaqasi bilan har yerda sarson bo‘lib yashayotganini ma’lum qildi. Holbuki, Qo‘shqo‘rg‘on ko‘chasida istiqomat qilgan bu ayolga uyini buzishdan oldin shahar markazidan 2 ta uy berilishi va’da qilingan.
Ortiqxo‘jayev bu borada kim mas’ul bo‘lgani, nega va’da bajarilmagani bilan qiziqdi. Mulozimlar har xil bahonalarni keltirdi. Hokim esa bu masala bugun hal etilishi kerakligini aytdi. Oilasi katta bo‘lgan, oilali ikki o‘g‘li bo‘lgan bu ayolga hozircha 2 xonali uy berilishi, sal keyinroq qurilayotgan uylardan 3 xonalisi berilishi ma’lum qilindi.