TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kurslari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Kurslarni tugatgan shaxslar davlat organlari va tashkilotlarning yuridik xizmatlarida ishlash huquqiga ega bo‘ladi.
Qabul qilingan hujjatda diplom sohiblari qayta tayyorlashdan o‘tishga haqli bo‘ladigan 47 ta oliy ta’lim yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan ro‘yxat belgilandi.
Tinglovchilar tanlov va kirish imtihoni natijalariga qarab qabul qilinadi.
Qayta tayyorlash kurslariga kirish uchun ariza bilan birga quyidagi hujjatlar elektron shaklda ilova qilinadi: pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjat; oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom (yoki diplomdan ko‘chirma); 3,5 x 4,5 sm o‘lchamdagi rangli fotosurat.
Hujjatlar kirish imtihoni (suhbat) o‘tkazilishidan 1 oy oldin qabul qilinadi.
Qayta tayyorlash kurslarida o‘qitish faqat to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Kirish imtihonlari muvaffaqiyatli topshirilganidan so‘ng 15 ish kuni ichida kontrakt to‘lovi summasi o‘tkazilishi shart.