TOShKENT, 11 apr – Sputnik. O‘zbekiston IIV 2018-2022 yillarda tadbiq etiladigan yangi “Yo‘l-harakati xavsizligi konsepsiyasi”ni ishlab chiqdi. Ayni damda ushbu hujjat Normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portalida joylashtirilgan.
Kelasi yilning birinchi choragida barcha umumta’lim maktablarida “Yo‘l-harakati xavfsizligi” majburiy darsi kiritiladi. Ushbu darslar bolalar yoshini hisobga olgan holda, 7-11, 11-14 va 14-18 yoshli bolalar uchun alohida o‘tiladi. Eng yosh bolalar uchun darsning asosiy qismini YHXQ amal qilish va fuqaroning umumiy huquqiy ta’limotiga qaratilgan bo‘ladi.
Shuningdek, o‘quv muassasalarida 18 yoshga to‘lgan, o‘quv-kurslarini tugatgan va imtihondan o‘tgan fuqarolarga “A” yoki “V” kategoriyali haydovchilik guvohnomalari berish imkoniyati ham o‘rganib chiqilmoqda. Buning uchun har bir tumanda maxsus avtoshaharchalar tashkil qilinib, u yerda bolalarga yo‘l-harakati qoidalari, velosipedda harakatlanish hamda yo‘lni kesib o‘tish tartib qoidalari o‘rgatiladi.
Qonun loyihasida, shuningdek, yil davomida “Yo‘l-harakati xavfsizligi” fani bo‘yicha o‘qituvchilar tayyorlash ham nazarda tutilgan.
Undan tashqari, maktab va kollej o‘quvchilari orasida yil davomida “Yashil chiroq”, “Yo‘l-harakati qoidalari bilimdoni”, “Namunali piyoda” kabi viktorinalar tashkil qilish rejalashtirilmoqda.
Konsepsiyada, shuningdek, o‘quvchilar, talabalar va aholining yo‘l-harakati qoidalaridan xabardorlik darajasini oshirishga qaratilgan boshqa choralar ham aytib o‘tilgan. Xususan, ijtimoiy videlavhalar namoyish etish, sotsial reklama plakatlari tarqatish kichik sinf o‘quvchilarini nur qaytaruvchi maslamalar bilan jihozlash kabi chorlar nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Sovet Ittifoqi davrida ham maktab o‘quvchilari haydovchilik guvohnomasi olish imkoniyati bor edi. Xususan, o‘quvchilar maktab darslaridan tashqari alohida yo‘l-harakati qoidalarini o‘rganishar, “DOSAAF” nomli tashkilotlarda amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etishar va imtihon topshirib haydovchilik guvohnomasini olishlari mumkin edi.
Ushbu tajriba xorijiy mamlakatlarda ham keng qo‘llaniladi. Xususan AQShning bir necha shtatlarida (Arkanzas, Alyaska, Viskonsin, Dakota, Kanzas) maktab o‘quvchilari 14 yoshida imtihon topshirib haydovchilik guvohnomasi olishi mumkin. Fransiya, Ispaniya, Shvetsiya, Norvegiya va Isroilda maktab o‘quvchilari 16 yoshda imtihondan o‘tsa qonuniy haydovchi bo‘lishlari mumkin.