TOShKENT, 11 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining huquq va majburiyatlarini belgilovchi yangi qonunni imzoladi.
Cobiq MXX faoliyati 1991-yilda qabul qilingan huquqiy-normativ hujjatlar asosida boshqarilar edi. “Buning oqibatida oxirgi yillar davomida ushbu tashkilot vakolati asossiz kengayib ketdi”, — degan edi prezident o‘tgan yil Parlament oldida so‘zlagan nutqida.
DXXni faoliyati asoslarini belgilashga qaratilgan yangi qonun ushbu tizim faoliyatini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan.
DXX doimiy nazorat va kuzatuv ostida bo‘ladi
Xususan, bundan buyon nafaqat DXX raisini, balkim biring o‘rinbosarlarini ham shaxsan prezident tayinlaydi. Oldin DXX rahbari o‘z muovinlarini o‘zi tanlash huquqiga ega edi. Yangi tartib, albatta, tizim ustidan nazoratni kuchaytiradi.
Ikkinchidan DXX tarkibida yangi tizim – Kollegiya paydo bo‘ldi. Kollegiya davlat xavfsizligini ta’minlash holatini, qonun normalarining bajarilishini, kadrlar tayinlash va boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi. Uning tarkibiga DXX prezidenti uning o‘rinbosarlari, markaziy apparat va mahalliy bo‘limlar boshliqlari kirishi mumkin. Kollegiyaning shaxsiy tarkibi ham prezident tomonidan tasdiqlanadi.
Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati tarkibiga kiruvchi chegara qo‘shinlari tizimida esa – Harbiy kengash paydo bo‘ladi. Uning tarkibi va faoliyati doirasini DXX raisi belgilaydi.
Uchinchidan, maxsus xizmat nafaqat prezidentga bo‘ysunishi, balkim Parlament yuqori palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari Kengashiga o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy ravishda hisobotlar berib borishi kerak bo‘ladi.
To‘rtinchidan, DXX tarkibida uning faoliyatini “tiyib” turuvchi Jamoat kengashi paydo bo‘ladi. Jamoat kengashining vakolatlari va tarkibini prezident belgilaydi.
Beshinchidan, Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatiga oid qonun normalarining bajarilishi Bosh prokuror va uning yordamchilari tomonidan nazorat qilib boriladi.
Shunday qilib, DXXning har bir boshqaruvchi lavozimiga amalga oshirilayotgan tayinlovlar prezident tomonidan nazorat qilib boriladi. Shuningdek, prezident Jamoat kengashi va Kollegiya orqali DXXning o‘rta va past bo‘g‘inlaridagi kayfiyatlarni kuzatib boradi.
O‘z navbatida Bosh prokuratura ham, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun, DXX ortidan kuzatib turadi.
DXX xodimlarining huquq va majburiyatlari
Yangi qonun DXX xodimlarining huquq va majburiyatlarini ham tartibga soladi. Xususan, DXX xodimlari, oldingidek, texnik uskunalar yordamida mansabdor shaxs va fuqarolar hujjatlarini tekshirish, ularning yuk va buyumlarida, transport vositalarida tintuv o‘tkazish huquqiga ega bo‘lishadi.
Undan tashqari xodimlar jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan hududlarga kirishi va u yerni ko‘zdan kechirishlari mumkin. Buning uchun ular u yerda biror jinoyat sodir bo‘layotgani, huquqni saqlash organlaridan qochib yurgan shaxs yoki inson hayotini qutqarish kerakligi haqida ma’lumotga ega bo‘lishlari kerak.
Bu borada asosiy o‘zgarish quyidagilar bo‘ladi: DXX xodimlari 24 soat ichida Prokuratura organlarini jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan hududlarga ularning egalari bo‘lmagan vaqtda yoki egalarining roziligisiz kirganliklari haqida xabardor qilishlari kerak. Shuningdek, ular qonunda belgilangan tartibda, yetkazilgan zararni ham qoplashlari kerak bo‘ladi.
DXX organlari fuqarolar roziligi bilan ularni hamkorlikk yollashi mumkin va o‘z xoxishi bilan yordam berganlarni mukofotlash huquqiga ham ega.
Qonunda ilk bor, qanday hollarda jismoniy kuch va qurol ishlatish mumkinligi aniq belgilandi. Har qanday kuch yoki o‘qotar qurol ishlatilishidan oldin – ogohlantirish shart bo‘ladi. Ushbu harakatlar natijasida yaralangan fuqarolarga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilishi kerak bo‘ladi.
Har qanday jismoniy kuch, qurol yoki maxsus moslamalar ishlatilgani haqida xizmatchilar o‘z boshliqlariga hisobot berishlari shart. Boshliqlar esa, zarar yetkazilgan hollarda, prokurorga xabar berishlari shart.
DXX xodimlari tomonidan homilador ayollar, voyaga yetmagan bolalar, nogironlarga nisbatan jismoniy kuch yoki maxsus vositalar qo‘llash ta’qiqilangan. Inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan qurolli qarshilik ko‘rsatish hollari bundan mustasno.
Yangi qonunda jismoniy shaxslarga nisbatan maxsus vositalardan foydalanish tartibi ham belgilangan. Xususan, rezina tayoq bilan inson boshiga, bo‘yniga, qorniga, jinsiy organlariga, yurak atrofiga zarba berish ta’qiqlangan. Inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan qurolli qarshilik ko‘rsatish hollari bundan mustasno.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil davomida sobiq MXX faoliyatini keskin tanqid qilgan edi. Prezident fikrga ko‘ra, xavsizlik tizimi xodimlari ish faoliyatini ro‘kach qilib, o‘z manfaatlari yo‘lida ishlagan, xalq va vatan manfaatlari hisobga olinmagan. Yanvar oxirida sobiq MXXga 23-yil raisldik qilgan Rustam Inoyatov vazifasidan ozod qilinib, uning o‘rniga sobiq bosh prokuror Ixtiyor Abdullayevni tayinlagan edi. Shundan so‘ng O‘zbekiston xavfsizlik tizimida jiddiy islohotlar amalga oshirila boshladi.