TOShKENT, 7 noya — Sputnik, Bekzod Rahmonov. Oktabr revolyutsiyasi - ulkan hududda savodsizlikni tugatgan, jamiyatning eng kambag‘al vakillari uchun katta imkoniyatlar yaratgan, fashizm ustidan g‘alaba qozongan, madaniyat, ilm-fan sohasida ulkan yutuqlarga erishgan — Sovet Ittifoqini yaratdi.
Shu bilan birga Oktabr revolyutsiyasi – sobiq Rossiya imperiyasiga ulkan baxtsizliklar ham olib keldi. Oradan 100-yil o‘tgan bo‘lsada ushbu mavzuda bahslar haligacha tinmagan.
Birinchidan, Oktabr revolyutsiyasi – bu noqonuniy, tajovuzkorlik harakati. Hozirgi kunda uni terrorchilik deb atagan bo‘lishardi. 2017-yilning (25 oktabrida) 7-noyabrida Petrogradda Qishki saroyni hujum bilan egallab olishni — Lenin va bolsheviklarning o‘zi ham “oktabrskiy perevorot”, ya’ni “davlat to‘ntarilishi” deb atagan. Revolyutsiya so‘zi ushbu voqealardan bir necha yil o‘tib qo‘llanila boshlagan.
Ikkinchidan, ushbu “davlat to‘ntarilishi”, ishchi-dehqonlar manfaati shiori ostida bo‘lib o‘tgan bo‘lsada, u o‘sha vaqtdagi Rossiyaning tashqi dushmanlari — Angliya va Germaniya manfaatlariga ham xizmat qilgan. Xususan, Germaniya doimiy ravishda bolsheviklarga moliyaviy yordam ko‘rsatib ularni qo‘llab-quvvatlab turgani — tarixiy fakt.
Uchinchidan, “revolyutsiya” tufayli davlat nazorati susayib — turli jinoiy guruhlar faoliyati avjiga chiqqan. Jinoyatchilar, yoki qonunni pisand qilmaydigan kishilar katta-katta davlat lavozimlarini egallab olgan. Buning oqibatida millionlab odamlar nohaq qamalishi yoki butunlay o‘ldirib yuborilishiga olib kelgan - “qatag‘on yillari” va GULAAG lagerlari kelib chiqqan.
To‘rtinchidan, “Revolyutsiya”– iqtisodiy riavojlanish, zamonaviy korxonalar qurish, sarmoyalar kiritish borasida mamlakatni 30-40 yil orqaga surib yuborgan. Rossiya Federatsiya Kengashi a’zosi aytishiga qaraganda, hattoki 1970-yillarda ham sobiq SSSR Rossiya Imperiyasining 2013 yildagi (Birinchi jahon urushi oldidan) ayrim iqtisodiy ko‘rsatgichlaridan orqada bo‘lgan.
Beshinchidan, “Revolyutsiya” tufayli Rossiya ilmiy-texnik, madaniy rivojlanish borasida bir necha o‘n yillab orqada qolib ketgan. Dahshatli ochlik, qatag‘onlar va jinoyatchilik avjigan chiqqan joyda ma’lumki hech qanday rivojlanish bo‘lmaydi. Ustiga ustak — eng yetuk olimlar, mutaxassislar, madaniyat arboblari va ulkan sarmoya egalari – Revolyutsiya tufayli Rossiyani tashlab ketishga majbur bo‘lishgan. Keyinchalik, chet elda yashab yurib ular ulkan kashfiyotlar, buyuk adabiy asarlar yaratgani ham fakt.
Oltinchidan, Revolyutsiya tufayli Rossiya hududi bir necha bor parchalanib ketish xavfi ostida qoldi. Rossiyaning chet eldagi raqiblari bunga o‘z hissalarini qo‘shdi, albatta. Bir tomondan Germaniya va Fransiya Rossiyaning G‘arbiy hududlariga ko‘z olaytirgan bo‘lsa, (natijada Finlyandiya Rossiyadan mustaqillika erishdi), ikkinchi tomondan Angliya O‘rta Osiyo hududida o‘z ta’sirini kuchaytira boshladi. Bu Qirg‘iziston hududida bir necha qo‘zg‘olonlarga olib keldi.
Xo‘sh, bugungi kunda ushbu Oktabr revolyutsiyasiga qanday munosabatda bo‘lish kerak?
Har qanday revolyutsiya noqonuniy, g‘ayri insoniy hamda davlat va xalqqa ulkan baxtsizliklar keltiruvchi hodisa ekanini esda tutgan holda, Oktabr revolyutsiyasini – birinchidan — tarixiy fakt, ikkinchidan – Rossiya va sobiq Ittifoq mamlakatlari rivojlanish yo‘lida sodir bo‘lgan ulkan burilish deb bilish kerak, xolos. Buni unutmaslik kerak.
Afsuski, yaqin o‘tmishda shunday milsol ko‘z oldimizda bo‘lishi qaramasdan, bizning davrimizda ham, chet edlan turib, sobiq Ittifoq respublikalarining goh unisida goh bunisida revolyutsiya uyushtirish harakatlari hali-hanuz takrorlanmoqda.
Ukraina bunga yaxshi misol bo‘lishi mumkin. MDHning eng boy, gullab-yashnayotgan mamlakatlaridan birida 2014-yilda “demokratiya”, “korrupsiyaga qarshi kurash” kabi chiroyli shoirlar ostida, chet ellik mutaxassislar yordamida amalga oshirilgan “revolyutsiya” bugungi kunda o‘zining haqiqiy yuzini ko‘rsatdi. Mamlakatni qashshoqlik, urush va terrorga qamrab olgan. Ustiga-ustak ukraina parchalanib ketdi — Qrim va Donbassdan ayrildi.
Rossiyada ham revolyutsiya uyushtirishga juda ko‘p urinishlar bo‘lmoqda. Bu yerdagi muxolifat kuchlariga turli yo‘llar bilan ulkan moliyaviy yordam, guyoki “xolisona” OAVlar sahifalaridan turib “mafkuraviy yordam” ham berilmoqda. Buning uchun “millatchilik”, “irqchilik”, “demokratiya” kabi turli yot g‘oyalar ishga solinmoqda, o‘sha-o‘sha bizga yaxshi tanish bo‘lgan “demokratiya”, “korrupsiyaga qarshi kurash” kabi shiorlar pesh qilib olingan.
Mana so‘nggi misollardan biri: kuni kecha, 5-noyabr kuni Rossiyada “Xalq birligi” bayrami arafasida 100ga yaqin kishi hibsga olindi. Ular “Artpodgotovka” nomli yashirin tashkilot a’zolari bo‘lib, bayram kuni bir necha ma’muriy binolarga va politsiya xodimlariga hujum uyushtirmoqchi bo‘lishgan ekan.
“Artpodgotovka” guruh a’zolari aytishiga qaraganda, ular internetda o‘zlarini bir necha million kishi deb his qilishgan ekan, lekin kerakli vaqtda maydonga bor-yo‘g‘i 40-50 kishi chiqqan. Guruh boshlig‘i esa chet elga qochib qolishga ulgurgan.
Sobiq Ittifoq respublikalarini bir-biriga qayrashga qaratilgan harakatlar ham zimdan olib borilmoqda. Masalan, internetda biror millat vakili jinoyat qilgan bo‘lsa, darhol unin butun millat bilan qiyoslab, o‘sha millatga tamg‘a bosishga harakat qilayotgan “trollar” har qadamda uchramoqda. Yoki Facebookda o‘zini qozoqcha ism bilan atagan kimsa, o‘zbeklar ustidan mag‘zava ag‘darib, nizo keltirib chiqarishga harakat qilishi ham tez-tez uchraydigan holat, aslida u Praga yoki Kiyevda o‘tirgan butunlay boshqa millat vakili bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun, oddiy fuqarolar o‘z tarixini bilgan va uni hurmat qilgan holda, turli ig‘volarga berilmasdan, mustaqil fikriga tayanib yashasa, davlat va xalq farovonligi yo‘lida sofdil mehnat qilsa – hammasi yaxshi bo‘ladi.
Rossiya OAVlarida esa, so‘nggi vaqtlarda, buyuk rus sarkardasi Aleksandr Nevskiy 13-asrda o‘z avlodlariga vasiyat qilib qoldirgan so‘zlari tez-tez keltirilmoqda — “G‘arbda mudofaani kuchaytirib, do‘stlarni Sharqdan izlang”…