TOShKENT, 5 noya — Sputnik. Moskvadagi Manej maydonida 200 dan ortiq millatchi tashkilot a’zolari hibsga olindi, deb xabar qilmoqda mahalliy OAVlar.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning aksariyati millatchi tashkilot vakillari bo‘lib, ularni tintuv qilish vaqtida yonidan pichoq, turli travmatik qurollar, gaz ballonchalari, kastet va boshqa ta’qiqlangan buyumlar topilgan.
Politsiya ularni ruxsat berilmagan namoyish ishtirokchilari sifatida qo‘lga olgan. Ularning yonidan ushbu buyumlar topilishi – ushbu kishilar politsiyaga qarshilik ko‘rsatishni rejalashtirganidan dalolat beradi, deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 3-4 noyabr kunlari Rossiya Federal xavfsizlik xizmati muxolifatchi Vacheslav Malsev boshchiligidagi “Artpodgotovka” yashirin tashkilotining 40ga yaqin a’zolarini hibsga olgan edi. Sud ushbu tashkilotni “Ekstremistik” — deb tan olgan.
Ular 5-noyabr kuni Moskva, Sankt-peterburg, Krasnoyarsk va yana bir necha shaharlarda hukumatga qarshi diversiya uyushtirmoqchi bo‘lgan. Xususan, ular bir necha ma’muriy binolarga “Molotov kokteyli” yordamida o‘t qo‘yishni va politsiya xodimlariga hujum qilishni rejalashtirgan.
FXX o‘tkazgan tezkor operatsiya "Artpodgotovka" rejalarini buzib yuborgan. Malsevning o‘zi chet elga qochib qolishga ulgurgan, boshqalar esa — o‘z uyida yoki yo‘l-yo‘lakay hibsga olingan. Ushbu voqeaga mutaxassislar “FXX kichik revolyutsiyani oldini oldi” — deb baho berishmoqda.