TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Poytaxt hokimiyati bir necha kun ilgari e’lon qilingan Toshkentdagi qarovsiz jonivorlarni yoppasiga ovlashni jonivorlarni himoya qilish jamiyati murojaatidan so‘ng vaqtincha to‘xtatdi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Bu borada Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Abrorov qaror chiqardi. Jonivorlarni himoya qiluvchilar bilan aynan u uchrashdi va vaziyatga oydinlik kiritishga va’da berdi.
Jonivorlarni himoya qilish jamiyatining ma’lumot berishicha, hayvonlarni tutish xizmati hokimiyatda ushbu mavzuda zoohimoyachilar guruhi bilan uchrashuv o‘tkazilmaguncha ishga kirishmaydi. Jamiyatning Facebookdagi sahifasida yozilishicha, uchrashuv 28-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda shuningdek, veterinariya xizmati, Sog‘liqni saqlash vazirligi, fuqarolar yig‘inlari vakillari, ekologlar ishtirok etadi.
"Ko‘chadagi jonivorlarni yoppasiga qirish shaharda kemiruvchilar, sichqon va kalamushlar ko‘payishiga olib keladi. Buning oqibati nima bo‘lishini aytmasam ham tushunib turibsiz", — dedi mahalliy zoohimoyachilardan biri Sputnik muxbiriga.
Eslatib o‘tamiz, 22-sentabr kuni Toshkent shahar hokimi poytaxtda qarovsiz jonivorlarni tutish otradlari faoliyatini kuchaytirish haqida qaror chiqargandi.
Bunga qarovsiz hayvonlarning odamlarga hujum qilish holatlari ko‘payib ketganligi sabab bo‘lgan. Ushbu xabardan so‘ng jonivorlarni himoya qilish jamiyati o‘z bezovtaligini bildira boshladi. Ularning fikricha, bu muammoni boshqacha, insoniy yo‘l bilan hal etish lozim.