TOShKENT, 14 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar, noshirlik va matbaa korxonalariga imtiyozlar taqdim edi. Bu haqdagi qaror matni O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida keltirildi.
Hujjatga ko‘ra, savdo aylanmasida kitob sotish ulushining hajmi 70 foizdan ko‘p bo‘lgan yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik subyektlari 2020-yil 1-yanvarga qadar yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod etiladi. Bunda ularning alohida statistik hisobi yuritiladi.
Yana bir muhim jihat — tijorat banklari kitob savdosiga ixtisoslashtirilgan zamonaviy do‘konlar, nashriyot va matbaa korxonalariga Markaziy bankning yillik qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmagan foizlarda imtiyozli kreditlar ajratadi. Bunda ajratilgan mablag‘ ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aylanma mablag‘larini to‘ldirish hamda yangi kitob do‘konlarini qurish uchun sarflanishi lozim.
Bundan tashqari, qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari har bir shahar va tumanda, qishloq va ovullarda kitob savdosiga ixtisoslashgan do‘konlarni tashkil etish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik subyektlariga davlat mulki obyektlarini tekin foydalanish uchun berilishini ta’minlashi belgilab qo‘yildi.
Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dasturda kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish, noshirlik va matbaa sohalarini yanada rivojlantirishga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kitoblarni, ayniqsa, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish bo‘yicha davlat buyurtmalari berish, ularni ko‘p nusxada yuksak sifat bilan nashr etish va moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar belgilangan.
Bundan tashqari, dasturda nashriyotlar va matbaa sohasi mutaxassislarini, badiiy va texnik muharrirlar, grafikachi rassomlar, axborot-kutubxona xodimlarini tayyorlash, malakasini oshirish va rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish, lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosidagi ilmiy-texnik, adabiy-badiiy va ensiklopedik adabiyotlarni yanada ko‘paytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, mamlakatda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beradigan eReader elektron o‘quv qurilmalarini ishlab chiqarishni tashkil etish belgilangan. Ularning axborot bazasiga umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlari uchun darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, o‘quv-uslubiy, ilmiy-nazariy manbalarni joylashtirish, bunday mahsulotlarni arzon narxlarda sotib olish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.