TOSHKENT, 7 sen — Sputnik. Navoiy shahrida "Tafakkur maydonchasi" targʻibot loyihasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Navoiy shahar hokimligi sayti xabar bermoqda.
"Ushbu maydonchada besh kvadrat metr kenglikdagi shaxmat maydonchasi hamda respublikada ilk bor boʻyi 3 metrli oppoq kitoblar haykali nomumenti oʻrnatilgan boʻlib, bu maskan bolalarni kitobxonlikka yanada koʻproq jalb qilishi tayin", deyiladi xabarda.

Mazkur loyiha 2016 yil noyabrda Navoiy viloyatida oʻtkazilgan saylovoldi uchrashuvida prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning "Jamiyatimizda kitobxonlik mutolaasi va yoshlarning kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish uchun taʼsirchan loyihalarni izlab topish, tashabbuslar koʻrsatishda aynan Navoiy viloyati ibrat boʻlishi kerak" degan gaplari natijasi oʻlaroq amalga oshirildi.
Yaqin kunlarda Navoiy shahrida kitobxonlikka oid "Koʻchadagi kitobxon" loyihasi amalga oshirilishi kutilmoqda.