TOShKENT, 12 sen — Sputnik. O‘zbekiston Hukumat portali matbuot-xizmati yangi haydovchilik sertifikati joriy etilayotgani haqida xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4-sentabrdagi "Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori haydovchilar malakasini muntazam oshirish, bu orqali yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘taradi.
Qarorga asosan 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab yuridik shaxslarga tegishli avtotranport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar ikki yilda bir marta malaka oshirishga majburligi belgilandi. Shuningdek, haydovchilarga malaka oshirgani to‘g‘risida "Avtotest Report" MChJ o‘quv kompleksining sertifikati topshirilishi nazarda tutilgan.
Qarordan kelib chiqib, 2018-yil 1-iyuldan boshlab yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini sertifikatsiz boshqargan haydovchilarga nisbatan ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.