TOShKENT, 17-avgust — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida Ahmadjon Tursunboyev (Ahmadboy) hamda uning olti nafar sherigi gumondor sifatida ko‘rilayotgan ish bo‘yicha sud eshituvi davom etmoqda. UZ24 sud majlisida Tursunboyev tashkil etgan "Chinoz halol chorva" va "Chinoz avto hamkor" firmalari faoliyatidan zarar ko‘rgan jabrlanuvchilar ko‘rsatmalarini keltirdi.
T. Fazlidinov sirdaryolik bo‘lib, uning aytishicha, Ahmadboy haqida eshitib kelgan, lekin 4-yil mobaynida ishonmagan.
"Atrofimdagilar, tanish-bilishlarim u haqida ko‘p gapiravergach, men ham pul topshirishga qaror qilgandim. 2016-yil 14-iyun kuni yashab turgan uyimni sotib, 24,5 ming AQSh dollar pulimni Ahmadboyga o‘z qo‘lim bilan oborib bergandim. Ertasiga, ya’ni 15-iyun kuni Ahmadboy qo‘lga olindi, degan xabar tarqaldi. Ular 24,5 ming dollar pulimni 62 ming dollar qilib qaytarishni aytishgandi. Hozirda oilam bilan Yangiyo‘l shahrida ijarama-ijara yashab yuribman", degan u.
Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanilik E. Ataxadjayevning aytishicha, u 2015 yili kartoshka ekkan, lekin kartoshka juda arzon bo‘lib ketgani sababli bankrot bo‘lgan. Shundan keyin Ahmadboy haqida, u berilgan pullarni ortig‘i bilan qaytarishi haqida eshitgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2016-yil iyun oyida qaynotasining "Lasetti" rusumli mashinasini sotib, 5 ming AQSh dollar miqdordagi pulni Ahmadboyga olib borib bergan. Ular 5 mingni 10 oyda 12 ming qilib beramiz, deyishgan. Lekin hali bir marta ham pulini olmasidan, Ahmadboy ushlangan.
"Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida yashayman. Uyda 7 bosh qoramol boqardim. Bir kuni Baxt ismli yigit mahallamizga kelib, agar pullaringizni, mollaringizni Ahmadboyga topshirsangiz, sizlarga ko‘paytirib qaytaradi, degan gaplarni aytdi. Men unga ishondim va qoramollarni topshirdim. Yana bir kun kelib, hovlida turgan "Matiz" avtomobilini ham topshirishimni aytdi. Mashinaga qo‘shib tilla taqinchoqlarimni ham 6 ming dollarga baholab, o‘zi olib chiqib ketdi. Meni ortimdan qizim ham ikki bosh qoramolini, tillalarini, sotgan uyini pulini o‘sha yigitga topshirdi. Mana endi hech nimasiz qoldik", deydi S.Safarova.
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanilik K.Rahimov esa "Ahmadboyning ofisini bankka o‘xshatgan".
U Yangiyo‘l tumanidagi Xalqobod qo‘rg‘onida qo‘y boqish bilan shug‘ullangan. Bir kuni Dilmurod ismli bola kelib, qo‘ylarini yanada ko‘paytirib berishga va’da berib, 11 ta qo‘yni olib ketgan.
"Avvaliga ishonqiramay, qo‘y boqiladigan joylarni o‘z ko‘zim bilan borib ko‘rib keldim. Hammasi badastr, joyida edi. Keyin Ahmadboyning Chinozdagi ofisiga ham bordim, u yerda bir necha kassalar qilib qo‘yilgan, odamlar kirib-chiqib, kelib-ketapti ekan. Men u yerni bankka o‘xshatdim. Barcha sharoitlar yaratilgan edi, har qanday odam qonuniyligiga ishonadigan darajada edi. Qo‘limda 700 AKSh dollar pul bor edi, uni topshirdim, qo‘limga chekka o‘xshash qog‘oz berishdi va har oyda pulingizni foizi bilan olasiz, deyishdi. Shunda keyin ishonchim yanada ortib, 3 ming dollar pulni yana olib borib berdim. O‘shanda 2016-yil aprel, may oylari edi. Biroq iyun oyi o‘rtalarida Ahmadboy qo‘lga olindi-yu, qo‘y va pullarimni qaytarib ololmadim", deya ko‘rsatma bergan u.
Sirdaryo viloyati Xovos tumanilik 2-guruh nogironi bo‘lgan ayolning aytishicha, uning turmush o‘rtog‘i og‘ir betob bo‘lib qolgan. Uni Hindistonda operatsiya qildirmoqchi bo‘lib, pul zarur bo‘lgani uchun uyini 18 ming dollarga sotgan. Lekin bu pul operatsiya uchun kamlik qilishini, jami 25-30 ming dollar kerakligini aytishgan.
"Shu paytlarda (2016 yil) bozorda odamlardan Ahmadboy haqida eshitib qoldim. Unga pulingni bersang, senga ikki barobar qilib qaytaradi, deyishdi. Odamlarning gapiga ishonib, Ahmadboyni qidirib Chinozga bordik. U yerda odamlar juda ko‘p edi, uzun navbatlar bor edi. Men bir ayolni to‘xtatib, "bu kishi ishonchlimi, aldamaydimi", deb so‘radim. U esa ishonchli deb tasdiqladi. Shuningdek, inkassatsiya mashinasi ham kirib-chiqib yurganini ko‘rdim. Shunda men demak, ishonchli ekan, davlatga soliq to‘lar ekan deb o‘yladim. O‘zi bilan uchrashmoqchi edim, biroq meni qo‘yishmadi. Shundan keyin Olmos degan kishiga uchradik. U bilan erim chiqisha olmadi, keyin Murodjon degan yigitga uchradik (Shu payt guvohdan sudlanuvchilar ichida Olmos va Murod ismli shaxslar bormi deb so‘raldi, guvoh ularni ko‘rsatdi — tahr.) va unga 16,5 ming dollar pulimizni berdik. Shundan so‘ng bir martagina 2 700 dollar pul oldik, Ahmadboy qo‘lga olingach, qolgan 13800 dollar pulimizni ololmadik. Sudlanuvchilardan da’voim yo‘q, pullarim qaytarib berilsa bo‘ldi", deydi u.
Sirdaryolik T.Shodiyev Rossiyada ishlayotgan qaynukasi jo‘natgan pullardan 2 700 dollarni Ahmadboyga topshirgan. Unga 10 oyga deb bersangiz, pulingizga 10 foiz qo‘shiladi, deyishgan. Uning aytishicha, birinchi pulini 20-iyulda olishi kerak bo‘lgan, lekin Ahmadboy 15-iyunda ushlangan.
Eslatib o‘tamiz, Ahmadjon Tursunboyev Jinoyat kodeksining to‘rt moddasi bo‘yicha ayblanmoqda: 177-moddaning (valyuta qimmatliklarining noqonuniy xarid qilinishi yoki sotilishi) "a", "b" bandlari, 188-modda (Davlat ro‘yxatidan o‘tmay tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, o‘ta yirik miqdorda nazoratsiz daromad olish), 189-modda (Savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 190-moddaning (Litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanish) "a", "v" bandlari.
Ahmadjon Tursunboyev va uning sheriklari 2016-yilning iyun oyida Chinoz tumanida qo‘lga olingan edi. U odamlardan yiliga kamida 100 foizlik dividend to‘lash, ya’ni ikki barobar qilib qaytarishni va’da qilib, juda katta omonat mablag‘larni milliy va xorijiy valyutada qabul qilish bilan noqonuniy ravishda shug‘ullanib kelgan. Shuningdek, u foizlik ustama to‘lash sharti bilan aholiga xorijiy valyutada qarz berib kelgan.
Tekshiruvlar davomida Ahmadjon Tursunboyevning uyi va korxonasida 13 mlrd 139 mln so‘m va 7 mln 900 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ va Cadillac Escalade, BMW, Lexus kabi qimmatbaho avtomashinalari mavjudligi aniqlangan.