TOShKENT, 15-avgust — Sputnik. Rossiyada qonuniy asosda ishlovchi o‘zbekistonlik migrantlar bir oyda o‘rtacha 29 ming rubl, noqonuniy migrantlar esa 27,2 ming rubl ishlashadi, deb xabar bermoqda RIA Novosti "Rossiya dlya vsex" portaliga asoslanib.
Rossiyada ishlayotgan mehnat migrantlari orasida eng kam pulga ishlovchilar esa tojikistonliklar ekan. Qonuniy asosda ishga joylashgan tojikistonliklar oyiga o‘rtacha 27,9 ming rubl, noqonuniy migrantlar esa 25,1 ming rubl topishadi.
Rossiyada ishlash uchun ruxsatnoma talab qilinmaydigan qirg‘izistonliklar esa mos ravishda 29,3 ming va 27,2 ming rublga ishlashadi.
Aytilishicha, Rossiyadagi xorijiy ishchilarning o‘rtacha daromadi rossiyaliklarning o‘rtacha oylik maoshiga (35,8 ming rubl) yaqinlashib qolgan. Tadqiqotchilarning qayd etishlaricha, Rossiyada qonuniy ishlovchi ozarboyjon va gruzinlarning o‘rtacha oylik daromadi 35,9 ming rublni tashkil etadi.
Bunda migrantlarning ish haftasi davomiyligi rossiyaliklarnikiga nisbatan bir yarim baravar ko‘proq – 39,6 soat o‘rniga 59 soat.
Rossiyada ishlovchi xorijliklarning uchdan bir qismi ulgurji va chakana savdo, avtotransport va maishiy buyumlarni ta’mirlash, 13,9%i kommunal, ijtimoiy va xususiy sohalarda ishlaydi. Qurilishda ishlaydigan migrantlar ulushi 2011-yildagi 23,1%dan 16,4%ga qisqargan.
So‘rovlarda ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonliklarning 53,1%i ish joyida rus tilidan asosiy til sifatida foydalanmaydi. Tojiklarda bu ko‘rsatkich 53,8%ni tashkil etadi. Do‘stlari davrasida esa o‘zbeklarning 13,6%i, qirg‘izlarning 13%i va tojiklarning 12,9%i ruscha gaplashadi.
So‘rovda qatnashgan migrantlardan Rossiyada bir umrga qolish haqidagi fikrlari ham so‘ralgan. O‘zbekistonlik migrantlarning 19,9%i, qirg‘izistonliklarning 24,8%i va tojikistonliklarning 35,2%i Rossiyada bir umr qolish niyatidaligini bildirishgan.
MDH mamlakatlaridan Rossiyaga kelgan migrantlar orasidagi so‘rovnoma shu yilning fevral-mart oylarida 8,7 ming kishi o‘rtasida o‘tkazilgan.