TOShKENT, 10 avg — Sputnik. Bugungi kunda O‘zbekistonda elektr va gaz resurslardan iste’molchilarning milliardlab qarzi vujudga kelgan. Ushbu muammoni hal qilish maqsadida svet va gaz nazoratchilari vakolatlari bekor qilinib Prokuratura huzurida maxsus Majburiy ijro burosi tashkil etilgan edi.
Ushbu jarayonning davomi sifatida 27-iyul kuni prezident yana bir hujatni imzoladi. "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga asosan O‘zbekistonda yagona onlayn savdo maydonchasi — «E-IJRO AUKCION» tashkil qilinadi.
Birinchi sentabrda boshlab, ushbu auksionda aholi va yuridik shaxslar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qarzdorliklar to‘lanmagan taqdirda, ularning mol-mulki, sud qaroriga asosan majburiy tartibda, undirilib yuqoridagi onlayn-auksionda sotuvga chiqariladi.
Auksion e-auksion.uz manzilida joylashgan bo‘lib, unda hech qanday cheklovsiz, har qanday shaxs internet tarmog‘i orqali ishtirok etishga imkoniyat yaratiladi. Buning uchun ishtirokchiga elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron arizani berish va mol-mulkning 5 foizi miqdoridagi zakalat pulini kiritish kifoya.
Bundan tashqari, bevosita auksionni o‘tkazish va g‘olibni aniqlash jarayoni maxsus dastur orqali amalga oshirilib, unga tashqaridan aralashishning mutlaqo imkoni bo‘lmaydi.
Auksiondagi tovar qanchaga sotilsa, qarzdorlik shunchaga kamayadi. Agar mol-mulk qarzdorlikdan qimmat miqdorga sotilsa ortiqcha mablag‘ mol-mulk egasiga qaytariladi. Mol-mulk elektron onlayn-auksionga baholash qiymati bo‘yicha qo‘yiladi. Davlat ijrochilari elektron onlayn-auksionlarda sotilmagan mol-mulkni arzonlashtirishga haqli emas.
Fuqarolarni elektron onlayn-auksionlarda ishtirok etish tartibi, shuningdek, savdoga qo‘yilgan mol-mulk haqida keng xabardor qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu zamonaviy tizim boshqa sohalarda bo‘lganidek, faqat adolat tamoyili asosida ish ko‘rishga, yurtdoshlarimizga qulaylik yaratish, xalqimiz manfaatini ta’minlashga xizmat qiladi.
"Jahon" axborot agentligi xabariga asosan.