TOShKENT, 10-avgust — Sputnik. Prezident farmoni bilan Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi takomillashtirildi, deb xabar berilmoqda O‘zLiDeP saytida.
Farmonda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi, uning tashkiliy tuzilmasi va Ustavi tasdiqlandi. Bundan tashqari, hujjat muassasada ta’lim jarayonini amalga oshirish shartlarini belgilandi.
Unga ko‘ra, Boshqaruv kadrlarini tayyorlash yo‘nalishida grant va to‘lov-kontrakt asosida 2-yillik magistratura ta’lim dasturi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi. Boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash yo‘nalishida grant va to‘lov-kontrakt asosida 1-yilgacha bo‘lgan muddatda dasturlar bo‘yicha, shuningdek, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda belgilangan namunadagi diplom beriladi hamda Boshqaruv kadrlari malakasini oshirish yo‘nalishida grant va to‘lov-kontrakt asosida qisqa muddatli dasturlar asosida 1 oygacha bo‘lgan muddatda 3-yilda 1 marotaba, shu jumladan ishlab chiqarishdan ajralmagan holda belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.
Kim qanday qabul qilinadi
Akademiyaning magistraturasiga tanlov bo‘yicha davlat hokimiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda jamoat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlari tomonidan tavsiya etilgan shaxslar qabul qilinadi.
Nomzod 40 yoshdan oshmagan bo‘lishi, bazaviy oliy ma’lumotga va kamida 2-yil boshqaruv ish tajribasiga ega bo‘lishi darkor. Bunda joylarda nomzodlarni dastlabki saralash tashkil etiladi, keyinchalik esa Akademiyada test va suhbat o‘tkaziladi.
Ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qiyotgan tinglovchilarning butun o‘qish davri mobaynida asosiy ish joyi bo‘yicha egallagan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi.
Shuningdek, Akademiya magistraturasi tinglovchilari o‘qish davri mobaynida o‘zlarining doimiy yashash joylaridagi hududdan tashqarida joylashgan mahalliy davlat hokimiyati organlarida, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining tarkibiy bo‘linmalarida hamda davlat tashkilotlari va NNTlarda malakaviy amaliyot va stajirovka o‘tashlari kerak. Bunday amaliyot va stajirovkaning muddati 1-yilga qadar bo‘lishi mumkin.
Ta’lim — xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda
Akademiyada o‘quv jarayoni xalqaro ta’lim standartlarini va boshqaruv kadrlarini o‘qitishning zamonaviy usullarini joriy etish orqali tashkil etiladi, unda, jumladan, quyidagilar nazarda tutiladi:
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida zamonaviy ta’lim texnologiyalari va shakllaridan foydalanish, jumladan, Akademiya o‘qituvchilar tarkibining hududlarga chiqishi;
muntazam ravishda interfaol mashg‘ulotlar, davlat va jamiyat boshqaruvining taniqli arboblari, vazirlik va idoralar hamda boshqa tashkilotlar rahbarlarini jalb etgan holda "davra suhbatlari" o‘tkazish;
mutaxassislik fanlari bilan bir qatorda tinglovchilar tomonidan O‘zbekiston tarixi va milliy qadriyatlari, vatanimiz shoir va yozuvchilari ijodini, chet tili va AQTni chuqur o‘rganilishini tashkil etish;
magistratura tinglovchilarini yetakchi xorijiy ilmiy-ta’lim muassasalari va boshqaruv kadrlarini tayyorlash markazlariga, shuningdek, xorijiy davlatlarning davlat hokimiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlariga 1 oygacha bo‘lgan muddatga majburiy yo‘naltirish.
Akademiya shartnoma asosida mamlakat, shu jumladan xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy muassasalar, tadqiqot markazlarining yuqori malakali mutaxassislari va ekspertlarini jalb etadi.
Kelayotgan o‘quv yilida 60 nafar tinglovchi qabul qilinadi
Qarorga binoan 2017/2018 o‘quv yilida Akademiyaga qabul qilish kvotasi 60 nafarni tashkil etadi, shulardan davlat grantlari bo‘yicha – 24 nafar, ular faqat davlat hokimiyati, davlat boshqaruvi organlari, davlat muassasalari va davlat tashkilotlari xodimlari jumlasidan qabul qilinadi, to‘lov-kontrakt asosida – 36 nafar.
O‘qishni muvaffaqiyatli yakunlaganlarga 20% ustama to‘lanadi, muvaffaqiyatsiz yakunlaganlar – xarajatlarning yarmini to‘laydi.
Magistraturada o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlab, davlat hokimiyati, davlat boshqaruvi organlarida, davlat tashkilotlari va NNTlarida rahbarlik lavozimlarida ishlayotganlarga 5-yil mobaynida har oyda lavozim maoshining 20%igacha ustama to‘lanadi (ko‘zda tutilgan boshqa ustamalar va qo‘shimcha to‘lovlardan qat’i nazar). Bunda Akademiya magistraturasini yakunlagan shaxslarni tegishli lavozimlar va ish joylariga taqsimlash Prezident tomonidan tasdiqlanadi.
Magistrlik dasturini bajarmagan tinglovchilar ular o‘qish davri mobaynida asosiy ish joyi bo‘yicha olgan barcha to‘lovlarning 50%ini qoplashlari shart.
Maxsus jamg‘arma tashkil etilmoqda
Akademiyada boshqaruv, professor-o‘qituvchilar, ilmiy, o‘quv-yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni ularga mehnat haqi to‘lash fondining 50%igacha bo‘lgan miqdorda rag‘batlantirish uchun Maxsus jamg‘arma tashkil etilmoqda.
Maxsus jamg‘armaning mablag‘lari Akademiya rektorining qaroriga binoan ko‘rsatilgan shtat xodimlari tarif stavkasining 100%igacha bo‘lgan miqdorda har oyda ustamalar to‘lashga yo‘naltiriladi.