TOShKENT, 9-avgust — Sputnik. Toshkentning Shimoliy vokzal hududida Kichik halqa yo‘li va Farg‘ona yo‘li kesishuvidagi yangi yo‘l o‘tkazgich 1-sentabrgacha foydalanishga topshiriladi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Bu haqda xalqaro press-klub yig‘ilishida "O‘zbekiston temir yo‘llari" boshqaruv raisi o‘rinbosari Davron Dehqonov ma’lum qildi.
"Hozirda ish jadal sur’atlar bilan bormoqda, belgilangan jadvaldan ortda qolinayotgani yo‘q. Shu bois ushbu loyihani o‘z muddatida topshirishimizga umid qilamiz", – dedi Dehqonov.
Kichik halqa yo‘li orqali o‘tuvchi avtomobil yo‘l o‘tkazgich 2008-yilda demontaj qilingan edi. Ko‘prikning mavjud eni 30, uzunligi 346 metr bo‘lgan qismi rekonstruksiya qilinadi, eni 22, uzunligi 281 metr bo‘lgan qismi yangidan quriladi. Ikki tomonida piyodalar yo‘lakchalari quriladi.
Qayd etish joiz, davlat rahbari ushbu ko‘prikni rekonstruksiya qilish haqidagi qarorni fuqarolar prezidentning Xalq qabulxonasiga murojaat qilishganidan so‘ng chiqargandi.