TOShKENT, 24-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2017-yil 14-iyuldagi buyrug‘i bilan ichki ishlar organlari xodimlari uchun muomala madaniyatini oshirish choralari belgilab berildi, deb xabar qildi O‘zbekiston IIV matbuot-xizmati.
Hujjatga ko‘ra quyidagi vazifalar belgilab qo‘yildi:
muomala madaniyatiga rioya etish ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy faoliyatini va xizmatdagi xulq-atvorini baholashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi;
ichki ishlar organiga yoki aniq bir xodimga murojaat qilgan har qanday shaxs zudlik bilan qabul qilinishi va e’tibor bilan tinglanishi shart;
ichki ishlar organlarining barcha darajadagi rahbarlari o‘z xodimlarini qo‘pollik va loqaydlikka nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashlari, o‘zaro va fuqarolar bilan qo‘pol muomalada bo‘lish holatlariga qat’iy munosabat bildirishlari hamda xulq-atvor va muomala madaniyatlari bilan o‘zlari shaxsiy namuna ko‘rsatishlari zarur.
Ichki ishlar organlari xodimi:
har doim aholi ko‘z o‘ngida ekanligini hamda ichki ishlar organlarining obro‘si uning xulq-atvoriga va xatti-harakatlariga bevosita bog‘liq ekanligini hamda ichki ishlar organlariga murojaat qilgan har bir fuqaroga yordam ko‘rsatish aholida ichki ishlar organi faoliyati to‘g‘risida ijobiy fikrni shakllantirishini yodda tutishi;
ichki ishlar organlariga olib kelingan har bir inson shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekanligini yodda tutishi va aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishi;
fuqarolar bilan muloqotda sansalorlikka yo‘l qo‘ymasligi hamda bevosita o‘z vakolatlari doirasiga kirmaydigan murojaatlar yuzasidan fuqarolarni tegishli rahbar yoxud malakali mas’ul xodim bilan bog‘lashi;
ichki ishlar organlariga chaqirilgan (olib kelingan) fuqaroga birinchi navbatda o‘zini tanishtirishi, unga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, uning chaqirilishi yoxud yo‘lda to‘xtatilishi sabablarini tushuntirib berishi, uning savol va tushuntirishlariga nisbatan e’tiborli bo‘lishi, unga taalluqli masalaga oid qonun hujjatlari normalarini tanishtirishi, basharti fuqaro takroran chaqirilgan hollarda uni zudlik bilan qabul qilishi hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlik qilganligi uchun minnatdorlik bildirishi zarur.
Xodimlar uchun quyidagilar qat’iyan man etiladi:
o‘zini fuqarolardan ustun qo‘yish, ularga nisbatan bepisand munosabatda bo‘lish yoki qo‘pollik qilish, yolg‘on gapirish yoxud boshqa asossiz bahonalar bilan ularni chalg‘itish;
jismoniy shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqishdan bo‘yin tovlash yoki ko‘rib chiqishni asossiz rad etish;
xizmat zarurati bilan ichki ishlar organlariga chaqirilgan (olib kelingan) shaxslarni asossiz kuttirib qo‘yish;
xizmatni olib borish vaqtida, shuningdek xizmat kiyimida spirtli ichimliklar iste’mol qilish
Ichki ishlar organlariga murojaat qilgan har bir fuqaroning muammosini atroflicha o‘rganish va o‘z vakolati doirasida qonuniy hal etish har bir xodimning xizmat burchi ekanligi ham ushbu buyruq orqali belgilab qo‘yildi.