TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining "2017-2019 yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyati sayyohlik salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash hamda keng qamrovli reklama kampaniyasini o‘tkazish va Buxoro brendini targ‘ib qilish maqsadida "Welcome to Bukhara" nomli turizm reklama roligini tasvirga olish boshlandi, deb xabar qildi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot-xizmati.
Tasvirga olish ishlarida madaniy va tarixiy obyektlar, shuningdek milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy oshxonani to‘laqonli va ijobiy talqinda tasvirlash uchun karvon buyumlari, jumladan mis idishlar, qadimiy sandiq va katta hajmdagi ko‘zalar, so‘zana va gilamlar, beshik, tuyalar, otlar, kabutarlar, tandir, noz-ne’matlardan (non, qovun-tarvuz, quritilgan mevalar, ho‘l mevalar) foydalanilmoqda.
Hozirda "Welcome to Bukhara" nomli imidjli reklama roligining tashkiliy ishlari yakunlandi va 18-iyundan tasvirga olish ishlari boshlab yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq rasmiy Toshkent va Bishkek o‘rtasida o‘tkazilgan turizm sohasini chuqurlashtirishga qaratilgan uchrashuvda Qirg‘iziston tomon O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqidagi videoroliklarni Qirg‘izistonda translyatsiya qilishga tayyorligini bildirgan edi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.