TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Andijon viloyati hokimligi 2017-yildagi qabul jarayonidagi o‘zgarish va yangiliklar haqida xabar berdi.
- Husniddin Mahmudovich, avvalo, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ishtiyoqidagi yoshlarni qanday yangiliklar kutayotgani to‘g‘risida gapirib bersangiz.
— Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi "Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi va 5-maydagi "2017-2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida"gi qarorlariga asosan, viloyatimizdagi mavjud 4 ta oliy o‘quv yurtlarida talabalarning qabuli bo‘yicha rejali tayyorgarlik ishlari olib boril-yapti. Jarayon "O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom"ga muvofiq amalga oshiriladi. Eng avvalo, Adliya vazirligidan 2011-yil 8-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazilgan ushbu Nizomga qanday o‘zgartirishlar kiritilganini aytib o‘tish lozim.
Ikkinchi yangilik mamlakatimiz Qurolli kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan va oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalikka qabul qilishda imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarga taalluqli. Barchaga ma’lumki, ilgari ularga belgilangan umumiy ballning 27 foizi miqdorida, ya’ni 61 ball qo‘shimcha berilar edi. Bu yildan boshlab esa, test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar taqdim etiladi. Masalan, harbiy qo‘mondonlikning imtiyozli tavsiyanomasiga ega abituriyent test kuni 150 ball olsa, unga qo‘shimcha 75 ball yoziladi.
Bundan tashqari, imtiyozli tavsiyanomasi bor abituriyent hujjat topshirayotgan paytda arizasida ta’lim yo‘nalishiga mos holda ikkinchi oliy o‘quv yurtini ham tanlash imkoniyatiga ega.
- Yangi o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul ham joriy etildi. Odamlar orasida 68 ball to‘plagan abituriyent ham o‘qishga kirarkan, degan gaplar yuribdi. Aslida, bu qanday amalga oshiriladi?
— Prezidentimizning "2017-2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish uchun kvota miqdori ta’lim muassasasining mavjud imkoniyatlari va ta’lim yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Lekin bu, test sinovlarida 68 ball olgan tolibi ilmning o‘qishga kiradi, degani emas.
Mazkur jarayon abituriyentlar to‘plagan ballarga qarab, Davlat komissiyasi tomonidan differensiyalashgan (darajalangan) tartibda aniqlanadi. Qarorning sharhida bu haqda shunday deyilgan: "…to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul o‘tish ballini to‘play olmagan abituriyentlarga to‘plagan baliga muvofiq (68 balldan kam bo‘lmagan) ketma-ketlik tartibi qat’iy saqlangan holda, ularning oshirilgan to‘lov-kontrakt pulini to‘lay olish imkoniyatidan kelib chiqib amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi."
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining ushbu qarorlarida belgilab berilgan maqsad va vazifalar, avvalo, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash masalasini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami kengayishi va ro‘yobga chiqishiga poydevor yaratadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.