TOShKENT, 8-may — Sputnik. 2017 yilning 31-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining "Facebook"dagi sahifasi 45 mamlakatdan 10 727 foydalanuvchiga "yoqdi" ("layk"), deb axborot berdi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
TIVning "YouTube"dagi kanali obunachilari esa 790 taga yetganligi qayd etilgan.
O‘zbekiston TIV qanday vazifalarni amalga oshirdi?
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2017-yil I choragida O‘zbekistonning xalqaro sahnadagi manfaatlarini himoya qilish va ilgari surish, xorijiy mamlakatlar va nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan o‘ziga yuklatilgan vazifalar asosida faoliyat olib bordi, deyiladi TIV axborotida.
Mirziyoyev safarlari va xorij delegatsiyalari tashrifi
TIV axborotida shuningdek, O‘zbekiston prezidentining Turkmaniston (2017-yil 6-7-mart) va Qozog‘istonga (2017-yil 22-23-mart), qator vazirlik va idoralar rahbarlarining yaqin va uzoq xorij davlatlariga tashriflari bo‘lib o‘tganligi qayd etilgan.
BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi rahbari P. Draganov, BMT bosh kotibi yordamchisi M. Yencha Jahon banki vitse-prezidenti S. Muller, Osiyo taraqqiyot banki rahbari T. Nakao, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti S. Chakrabarti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha burosi direktori M. Linkning tashrifi tashkillashtirilgan.
Bundan tashqari, Chexiya, Yaponiya va boshqa davlatlarning parlament delegatsiyalari O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Raqamlar…
2017 yilning I choragida TIV Konsullik boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekistonga kirish vizasini chet el fuqarolariga berish, biometrik pasportni almashtirish/berish, Vatanga qaytish sertifikatini berish, O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish, fuqarolik holatini qayd etish, notarial xizmat ko‘rsatish va boshqa masalalar bilan bog‘liq jami 79 139ta konsullik amallari bajarilgan.
Eng ko‘p konsullik amallari qayd etilgan O‘zbekiston Respublikasi elchixonalari quyidagi davlatlar:
Tojikistonda – 14191 ta, Rossiyada – 7561 ta, Qozog‘istonda – 5633 ta, Germaniyada – 3714 ta, Hindistonda – 3435 ta, Janubiy Koreyada – 3369 va Turkmanistonda – 3215 ta.
Biznesmenlardan ko‘ra turistlar ko‘proq kelgan
2017-yilning yanvar-mart davomida 52 224 ta xorij fuqarolariga kirish vizasi berildi, shundan 19 197 ta viza turistlarga, 8613 ta viza biznesmenlarga rasmiylashtirildi.
2016-yilning shu davri mobaynida berilgan kirish vizalarining umumiy soni (49 409) 6 %ga, turistik vizalar (17 077) 13%ga oshdi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.