TOShKENT, 3 mar — Sputnik. O‘zbekistonning har bir viloyatida namunaviy "sayyohlik mahallasi" majmualarini barpo etish imkoniyati o‘rganilmoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiriga hukumatdagi manba.
Uning aytishicha, hozirgi kunda butun dunyoda tanlangan tayanch obyektlar asosida o‘ziga xos muhit yaratiluvchi agroturistik maskanlar barpo etish amaliyotidan keng foydalanilmoqda.
O‘zbekistonda, masalan, chodirli lagerlar, Xiva ruhini aks ettiruvchi qal’alar, Chust va Marg‘ilondagi hunarmandlar mahallalari, Makedonskiy oyog‘i yetgan manzillar, Surxondaryodagi budda qadamjolari ana shunday maskanlar vazifasini o‘tashi mumkin.
"Hozirda zamonaviy qurilish ashyolaridan foydalangan holda an’anaviy me’morchilik uslubida bunyod etiladigan namunaviy sayyohlik mahallalarini tashkil etish tashabbusi o‘rganib chiqilmoqda. Bu maskanlar viloyatlarning turmush tarzi, hunarmandlik va pazandalik an’analarini qishloq va etnografik sayohatlar orqali xorijliklarga namoyish etishga tayyor dehqon va tadbirkorlarga ijaraga beriladi", — dedi suhbatdosh.
Tegishli davlat idoralari va viloyatlar hokimliklari tomonidan ishlab chiqilayotgan yana bir yo‘nalish bu fermer xo‘jaliklari hududida agroetnoqishloq shaklidagi model birlashmalarni tashkil etishdir. Bu yerda milliy qishloq xo‘jalik va pazandalik mahsulotlari — shirinlik va quritilgan mevalar, vino mahsulotlari, yangi uzilgan meva-sabzavotlar, palov, shashlik kabi dunyoga mashhur o‘zbek taomlaridan totib ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Barcha takliflar o‘rganib chiqilib taxminan ikki yil ichida agroturizm va qishloq turizmini rivojlantirish bo‘yicha maxsus davlat dasturi ishlab chiqiladi.
Mutaxassislarning e’tiroficha, bu loyihalarning amalga oshirilishi jahon miqyosida talab kuchayib borayotgan qishloq joylar turizmini O‘zbekistonda keng joriy etish imkonini beradi. Bundan tashqari, bu viloyatlarda aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladi.