TOShKENT, 3 mar — Sputnik. O‘zbekiston Milliy xavfsizligi xizmati tezkor guruhi xodimlari IIB xodimlari bilan hamkorlikda mashina "kissavurligi" bilan shug‘ullangan ikki jinoiy guruh faoliyatiga nuqta qo‘ydi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga huquq-tartibot muassasasi vakili.
"Bu jinoiy uchlik Toshkent shahrida ish qilgan, universal pult yordamida avtomobillarni ochish bilan shug‘ullanishgan. Guruh a’zolari A. Ikramovga tegishli "Spark" avtomobilida shahar kezib, o‘zlariga "o‘lja" qidirishgan. Ular jinoiy ishni amalga oshirish uchun bozorlar, yirik savdo do‘konlari, kafe va restoranlar oldilaridagi avtoturargohlardan foydalanishgan", — degan MXX xodimi.
MXX va IIV xodimlari Rahmonov va Ikramovni ular "Neksiya" avtomobilini o‘marayotgan vaqtda qo‘lga olishgan. Tezkor operatsiya Yashnobod tumanidagi "Diyor" kafesi oldida o‘tkazilgan.
Jinoiy guruhning uchinchi a’zosi o‘z sheriklarining qo‘lga olinganidan xabar topgach, ota-onasiga tegishli kvartirada yashirinib yurgan. Ammo oxir-oqibat u ham qo‘lga olingan.
Ikkinchi jinoiy guruh ikki nafar toshkentlik — Mahmudjon Nabiyev va Nig‘mon Sobirovlardan iborat bo‘lgan. Ikkalasi ham muqaddam sudlangan: Nabiyev talon-tarojlik, Sobirov esa cho‘ntak o‘g‘riligi va talon-tarojlik ishlari bilan shug‘ullangani uchun.
Ammo ikkisi ham jinoiy o‘tmishidan tegishli xulosa chiqarmagan ko‘rinadi.
Jinoyatchilar poytaxtdagi "Farhod", "Chorsu" bozorlari hamda "Drujba burger" kafesi oldida "ishlashgan". O‘g‘rilangan narsalarni tanishlari orqali pullashgan. MXX va IIV xodimlari ularni Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan.
Shayxontohur tuman sudi Mahmudjon Nabiyevni — 5-yilu 3 oyga, Nig‘mon Sobirovni esa — 3-yilga qamoq jazosiga mahkum qilgan.