TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. Xitoy raketalarining Rossiya chegarasi yaqinida joylashtirilishi xavf tug‘dirmaydi, chunki ularning nishoni raketa zarba berolmaydigan Sibir yoki Uzoq Sharq emas, balki AQSh hududidir, dedi geosiyosiy muammolar akademiyasi prezidenti Konstantin Sivkov.
U Gonkong gazetalarida chop etilgan xabarga shunday izoh berdi. Ilgariroq Global Times gazetasida Xitoy ishlab chiqargan Dongfeng-41 (DF-41) qit’alararo ballistik raketasining fotosurati internetda paydo bo‘lgani haqida xabar qilgandi. Maqolada raketa Rossiya bilan chegaradosh Xeylunszan viloyatida joylashtirilgani aytilgandi. XXR Mudofaa vazirligi mazkur xabarni izohlashdan bosh tortdi.
"Rossiya chegarasida "Dunfen-41" raketalarining joylashtirilishi ularning Xitoy ichkarisida joylashtirilishiga nisbatan xavfsizroqdir. Odatda, bunday toifadagi raketalarning "o‘lik hududi" juda katta bo‘ladi. U uch pog‘onali raketa, u ma’lum bir harakat rejimini tanlashi, uni barqarorlashtirishi lozim, shuning uchun raketaning "o‘lik hududi" 3 ming kilometr va hatto undan ham uzoqroq masofani tashkil qiladi", — dedi Sivkov.
U "Dunfen-41"ning Xeylunszan viloyatida joylashishi sababli butun Uzoq Sharq va Sharqiy Sibir raketaning zarba hududidan tashqarida qolishini bildirdi. Ekspertning aytishicha, agar Xitoy Rossiyaga zarba berishni istagan bo‘lganida bu raketalarni ancha janubga joylashtirgan bo‘lardi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
"DF-41 Xitoyning qattiq yoqilg‘ili yangi turdagi qit’alararo raketasi bo‘lib, 1980-yillarda ishlab chiqarilgan va qurolli kuchlar tomonidan yaqinda qabul qilingan. Ko‘rsatkichlariga ko‘ra, u bizning 80-yillardagi raketalarimizga o‘xshaydi. Zarba berish masofasi 12 ming kilometrga teng bu raketalar AQSh hududidagi nishonlarni urishga qaratilgan, buni tushunish mumkin, zero Donald Tramp Xitoyni AQShning asosiy dushmani deb e’lon qildi", — deydi agentlik suhbatdoshi.
Rossiya va XXRning xavfsizlik sohasidagi hamkorligi o‘ta yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan, dedi federatsiya kengashining xalqaro qo‘mitasi rahbari Konstantin Kosachev.
"Bizning XXR bilan siyosiy, xususan xavfsizlik borasidagi munosabatlarimiz (ikki tomonlama va ShHT doirasida) o‘ta yuqori darajada va xavotirlanishga hech qanday asos yo‘q", — dedi Kosachev.
Uning aytishicha, ushbu vaziyatga harbiy ekspertlar baho berishlari lozim va "agarda qandaydir savollar tug‘ilsa, hech qanday tushunmovchilik va kelishmovchilik bo‘lmasligi uchun xitoylik hamkorlar bilan muhokama qilish lozim".