TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirish jarayoni yengillashtirildi, deb xabar qilmoqda Davlat Xususiylashtirish qo‘mitasi rasmiy sahifasi.
Ushbu amaliyot O‘zbekiston prezidentining yangi "Tadbirkorlik maqsadida foydalanishga mo‘ljallangan davlat mulkini xususiylashtirishni yengillashtirish" haqidagi qaroriga binoan amalga oshirilmoqda.
Ushbu qaror xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida davlat mulkini xususiylashtirishni yengillashtirish, burokratik to‘siqlarni kamaytirish va raqobatbardor mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan.
Qaror matniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi raisi, viloyat va Toshkent shahar hokimlariga strategik bo‘lmagan davlat mulkini sotishga ruxsat berilgan. Obyektlar investitsiya kiritish majburiy shartiga ko‘ra, bepul sotilishi ham mumkin.
Qarorda davlat mulkini ijaraga olgan, mulkni kapital ta’mirdan chiqargan va yangi ish o‘rinlari yaratgan tadbirkorlarga ushbu binolarni birinchi navbatda sotib olish huquqi berilgan.
Shuningdek, sotib olinayotgan mulkka faqat birgina xaridordan ham arizalar qabul qilishga ruxsat berilgan. Sotib olinayotgan obyektlar qiymatini uch yil davomida bo‘lib bo‘lib to‘lash mumkin.
O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan xaridorlardan biznes-plan va arizadan boshqa hujjat talab qilish ta’qiqlangan.
Mol-mulkni xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish va tekshirish boshlash ham ta’qiqlangan.
Qarorda aytilishiga ko‘ra, davlat mulkini birjda aksiyalarni birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) sotuvga chiqarish yo‘li bilan xususiylashtirishga ham ruxsat berilgan.