Turk nashri O‘zbekistonning sayyyohlik salohiyati haqida so‘zladi

Obuna bo‘lish
Turkiyada nashr etiladigan "Gundem Avrasiya" ijtimoiy-siyosiy jurnalida "O‘zbekiston maftunkor me’moriy obidalar va boy madaniy merosga ega bo‘lgan mamlakat" sarlavhali maqola bosilib chiqdi, unda mamlakat sayyohlik salohiyati hamda mustaqillik yillarida bu jabhani rivojlantirish yuzasidan hayotga tadbiq etilgan chora-tadbirlar atroflicha qalamga olingan

TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Maqolada respublikamizda sayyohlik industriyasini modernizatsiyalash, tarmoqning barqaror rivojlanishi uchun meyoriy-huquqiy zaminni hamda o‘lkamizga kelayotgan xorijlik sayohatchilarga xalqaro andozalar darajasida xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berilgan, deb xabar qiladi "Jahon" AA.

“O‘zbekturizm” sayyohlikni rivojlantirishga doir hududlar ro‘yxatini tuzdi
"Mamlakatda zamonaviy va raqobatbardosh sayyohlik majmuini yaratish maqsadida mustahkam meyoriy-huquqiy zamin yaratilgan. "Sayyohlik to‘g‘risida"gi qonun uning asosini tashkil etadi. O‘zbekistonda infratuzilmani takomillashtirish, xorij sarmoyasini jalb etish, tarmoqni diversifikatsiya qilish va soha mutaxassislari malakasini oshirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan dasturlar amalga oshirilmoqda. 1992-yili Prezident Islom Karimovning "O‘zbekturizm" Milliy kompaniyasini tuzish haqidagi Farmoni sayyohlikning milliy modelini shakllantirish borasidagi muhim qadam bo‘lgan edi", deb yozadi nashr.

Sayyohlik yo‘nalishida kenga qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani tufayli O‘zbekistonga keladigan chet ellik sayohatchilar soni sezilarli darajada oshgani, bugungi kunda ularning soni yiliga 2 milliondan ziyodni tashkil etayotgani ham o‘quvchilarga ma’lum qilingan.

"1176 sayyohlik tashkiloti, jumladan, 621 turoperator, 555 mehmonxona xo‘jaligi sayohatchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. 25 mingdan ziyod sayohatchiga mo‘ljallangan mehmonxona tarmog‘i zamonaviy xalqaro talablarga javob beradi. Respublikada xalqaro maqomga ega bo‘lgan 11 ta aeroport faoliyat ko‘rsatmoqda, Yevropa, Osiyo va Amerikadagi 40 dan ziyod mamlakat bilan muntazam havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonga keladigan sayyohlar uchun temir yo‘l transporti vositasida ham respublikaning diqqatga sazovor joylariga borish imkoniyati mavjud. 2016-yil iyun oyida ishga tushgan "Angren — Pop" elektrlashtirilgan temiy yo‘li go‘zal tabiatga ega bo‘lgan Farg‘ona vodiysini mamlakatning boshqa hududlari bilan bog‘laydi”, deb yozadi jurnal.

Nashr O‘zbekistonda sayyohlikning yangi turlari tobora ravnaq topib borayotganiga ham alohida e’tibor qaratgan.

Tuyaqush fermasida - Sputnik O‘zbekiston
Buxorodagi tuyaqush fermasi ekoturizm hududiga aylantirilishi mumkin
Jumladan, maqolada o‘lkadagi ekologik turizm rivojlanishiga yuqori baho berilgan. Alohida ta’kidlanganidek, mamlakatdagi qo‘riqxonalar, milliy xiyobonlar va sayyohlarning e’tiborini o‘ziga tortadigan boshqa tabiiy o‘ziga xosliklarning ko‘pligi O‘zbekistonda ekoturizmning istiqbolli yo‘nalishlar qatoriga kirishiga sabab bo‘lmoqda.

"Gundem Avrasiya" O‘zbekistonda sayyohlik jabhasining izchil o‘sib borayotganini e’tirof etar ekan, bunda soha kadrlarini tayyorlashga katta e’tibor qaratilayotgani ham muhim omillardan biri bo‘layotganini qayd etgan.

"Bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan beshta oliy o‘quv yurtida sayyohlik sohasi mutaxassislari tayyorlanmoqda. Ular Samarqand, Buxoro, Urganch va Toshkent shaharlarida joylashgan. Bundan tashqari, respublika poytaxtida Singapur menejmentni rivojlantirish instituti ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Har yili O‘zbekistonda "sayyohlik" mutaxassisligi bo‘yicha oliy ta’lim olgan 500 nafar talaba bakalavr va magistr diplomlarining egalari bo‘lishadi. Mamlakatdagi 12 ta ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari yiliga 3,5 mingdan ziyod sayyohlik sohasi mutaxassislarini tayyorlamoqda", deb yozadi jurnal.

Yuqoridagilar bilan birga, nashr respublikaning Xiva va Samarqand shaharlari bag‘rida joylashgan qator tarixiy yodgorliklar haqidagi ma’lumotlarni ham o‘z o‘quvchilarining e’tiboriga havola qilgan.

Yangiliklar lentasi
0