Nargis Abdullayevaning ikki hayoti

© Sputnik / Aleksey TixomirovAktrisa Nargis Abdullayeva
Aktrisa Nargis Abdullayeva - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Shu kunlarda Rossiya ekranlarida “Salam, Maskva” nomli ko‘p qismli kriminal drama namoyish etilmoqda. Serialda Rossiya megapolisida yashayotgan migrantlar hayotidagi qiyinchiliklar haqida so‘z boradi. Nargis serialda nomusini toptagan jinoyatchini o‘ldirgan, ammo bor aybni o‘z bo‘yniga olgan sevgilisi tufayli qamoq jazosidan qutilib qolgan ayol rolini jonlantirgan.

 

Sputnik muxbiri Lev Rijkov ushbu kartinada bosh rollardan birini ijro etgan o‘zbekistonlik aktrisa Nargis Abdullayeva bilan uchrashib, suhbatlashdi.

Nargis, “Salam, Moskva” serialiga qanday taklif etilganingiz haqida so‘zlab bering?

Avvaliga Maksim Panfilovning “Amirning o‘g‘li Ivan” («Ivan, sin Amira») loyihasida bosh rollardan birini ijro etayotgan edim. Filmning bir qismi suratga olingach, ish to‘xtab qoldi. “Mosfilm” mehmonxonasida yashayotgan edim…

Kunlarning birida tanaffus uzoqqa cho‘zilishini his qildim. Shu bois, produserlarga xat yo‘llay boshladim. Suratga olish ishlari qayta tiklanishiga qadar Moskvada yana bir necha oy yashashim uchun pul kerak edi, axir.

Ya’ni, umuman pulingiz qolmaganmidi?

Ha, pulim tamom bo‘lgan edi. Shu bois, “feysbuk”ka ham ish izlayotganim haqida yozishni boshladim. Shunday kunlarning birida ajoyib bir insondan “Men, siz yashayotgan uyning qarshisida turaman. Kinorejissor, aktor va rassomman. Keling!”, degan taklifni oldim. Bordim. U kishi mening qornimni to‘yg‘azib, kamiga, juda sifatli fotosessiya qilishimga ham yordam berdi. Yana bir necha ming rublni qo‘limga tutqazib, “Falon raqamga qo‘ng‘iroq qiling, sizga, albatta, javob berishadi. Qolgani o‘zingizga bog‘liq”, deb aytdi.

Rejissor Pavel Bardinning «Salam, MASKVA” filmidan lavha - Sputnik O‘zbekiston
"Salam, Maskva": Rossiya migrantlar haqida serial suratga oldi
Qo‘ng‘iroq qildim, menga javob berishdi va Pavel Bardinning fotosinovlarida ishtirok etish taklifini bildirishdi. Bardin familiyasi menga faqat multfilmlar orqali tanish edi. Pavelning otasi – Garri Bardin – mashhur multiplikator bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, barcha sarguzashtlarim shu tariqa boshlangan. Ish izlashim samara bermagani tufayli, hamma narsaga qo‘l siltab O‘zbekistonga qaytib ketmoqchi bo‘lgan paytimda menga suratga tushishni taklif qilishgan. Vaholanki, samolyotga chipta xarid qilib qo‘ygan edim.

Samolyot uchishidan ikki soat oldin “Mosfilm”ga yugurib, Pavel Bardin bilan tanishdim. U fotoapparatida bir nechta surat olgach: “kechirasiz, samolyotga kech qolyapman”,  deb uzrimni aytib, aeroportga yo‘l olganman. Oradan bir necha oy o‘tgach, Moskvadan qo‘ng‘iroq qilishdi va kinosinovlarga taklif etishdi, shu tariqa kartinaga tasdiqlanganman.

Kastingda raqobat kuchli edimi?

Da’vogarlar ko‘p edi, ammo ular qandaydir sabab tufayli rejissor ko‘ngliga o‘tirmagan. Shunda Pavel bosh qahramon roli ijrochisi Niyoz Gadjiyevga murojaat qilib, “partnyoringni o‘zing tanlashingga to‘g‘ri keladiganga o‘xshaydi”, deb aytdi. Niyoz meni tanladi. Ikkimiz o‘rtamizda birinchi onlardanoq ko‘rinmas rishta o‘rnatilgan.

Siz filmda Niyozni o‘ldirganmisiz?

Yo‘q, Niyoz men yaratgan qahramonning sevgilisi rolini ijro etgan. Ya’ni u sevgilisi sodir etgan qotillikni o‘z bo‘yniga olib, qamoqqa o‘tiradi. Mening qahramonim uni chin yurakdan sevadi. Qahramonimni ish joyida xo‘rlashadi, tahqirlashadi va oxiri ish zo‘rlashgacha boradi. Bu qabih ishlarning hammasi ayolning millatdoshi tomonidan sodir etiladi. Tahqirlashlardan aql-idrokini yo‘qotgan qahramonim oxir-oqibat zo‘ravonni o‘ldirib qo‘yadi.

Ovqatdan voz kechishga to‘g‘ri kelardi

Qahramoningiz hayotida sodir bo‘lgan qiyinchiliklarni boshingizdan o‘tkazganmisiz? Moskvada ko‘p qiyinchiliklarga duch kelgansiz, sezishimcha?

Sizga bir narsani aytishim mumkin, migrant uchun u xoh Moskva, xoh San-Fransisko bo‘lsin, hayot hech qachon oson kechmaydi. Men uch yildan beri Moskvada yashayman. Mana shu yillar ichida birinchi marta mana ikki oydirki, asosiy ishimdan tashqari qo‘shimcha ish qidirishga majbur bo‘lmayapman.

Ulug‘bek Qodirov. - Sputnik O‘zbekiston
Ulug‘bek Qodirov: "Havaskor rejissorlar bilan ishlamayman"

Qahramonim hayotiga o‘xshash tomonlarga kelsak, deylik, pul topish uchun kimningdir mushugiga qarab turishimga to‘g‘ri kelgan, do‘konlarda sotuvchi bo‘lib ishlaganman, sariq chaqa uchun birovlarning uy-joyini tozalaganman. Ko‘pincha, o‘zimga yangi libos olishga ko‘zim qiymaydi, ba’zan yeydigan ovqatimga ham pul tejayman. Muhojirlik hayoti shunday… Ammo bu qiyinchiliklar bo‘lmaganida – teatr ham bo‘lmasdi hayotimda.

Moskvada zo‘ravonlikka duch kelmaganmisiz?

Qahramonimdan farqli o‘laroq, Yaratganga shukr, Moskvada zo‘ravonlikka duch kelmaganman. To‘g‘rirog‘i — jismoniy zo‘ravonlikka duch kelmaganman. Ma’naviy tomondan – juda ko‘p marotaba tahqirlashgan. Men qachonlardir eng talab katta bo‘lgan san’atkorlardan biriman. Shu bois, baxtdan sarmast bo‘lib, g‘aflatda yuraverganman. Kunlarning birida esa karyeram cho‘qqisidan tubanlikka quladim.

Shaxsiy hayotimda ham ma’naviy tahqirlashlar juda ko‘p bo‘lgan. Deylik, kinoprobaga borsangiz, rejissor yuzingizga qarab: “Seni tasdiqlayman. Agar ishlashni xohlasang, meni uyingga choyga taklif qil”, deb aytadi. To‘g‘ri, choyxo‘rlik qilish, yaxshi albatta, ammo mening hayotiy pozitsiyalarimga bu umuman yopishmaydi. Shu tariqa rolsiz qolib ketaverasiz. Shu va shunga o‘xshash hodisalar haqida Teatr.doc dagi “Teatr ortida” spektaklida hikoya qilaman.

Besh yillik tanaffus…

Karyerangiz cho‘qqisidan tubanlikka qulab, besh yil davomida ijoddan uzoqlashib qolgansiz. Buning sababi nimada?

Bu haqda ko‘p yozishgan. Men faoliyat yuritgan teatr rejissori Mark Vayl olamdan o‘tdi. Shu bois, teatrdan ketishga qaror qilganman. Bori shu. Inson hamisha o‘ziga ustoz qidiradi, chunki u kimdir hayotda unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib borishiga muhtoj. Mana shunday inson menda bor edi.  Endi esa… O‘zimga o‘zim murabbiyman.

«Ilhom» teatrida har bitta rolni o‘quv materialidek qabul qilar edim. Teatr – o‘ziga xos ijtimoiy maktab axir.

Ya’ni har bitta rolni shunchaki ijro etmagansiz, balki u rolni chuqur his qilib, u bilan "nafas" olgan  ekansiz-da?

Ha, shunday. Har bitta rolni ijro etishdan oldin chuqur tahlil qilasiz, nima deysiz, qanday harakat qilasiz. Rejissor bilan faqatgina o‘z harakatlaringizni muhokama qilib, unga o‘z g‘oyalaringizni taklif qilishingiz mumkin. Shu bois, har bitta rolimga farzandimdek munosabatda bo‘lganman. Faoliyatimni kichik rollardan boshlab, qisqa fursatda katta rollarni ijro etishga o‘tganman. Ammo menga hayotiy tajriba yetishmasdi.

Zvozdnie Voyni: Probujdenie Sili filmi premyerasi. - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbek aktori Gollivud blokbasterida rol ijro etdi
Rejissorning o‘zi ham menga to ayolga aylanmagunimcha, masalan Kleopatra rolini ijro eta olmasligimni aytgan. Umuman, haqiqiy ayolga aylanmasangiz muhabbat, ishq, rashk, g‘azab tuyg‘ularini ko‘rsatib bera olmaysiz. Chunki buning uchun hayotiy tajriba kerak bo‘ladi. Mana, hozir hayotiy tajribaga egaman, ammo o‘ynagim yo‘q. Haqiqiy, asl holatimni saqlab qolishni istayman.

Umuman olganda, “aktorlik shtamplari” degan tushuncha bor. Tezda ko‘z yoshni qanday qilib keltirish mumkinligini bilasizmi?

Qanday qilib?

Bir nuqtaga uzoq tikilib tursangiz, ko‘zingizga yosh keladi. Texnologiyalarning son-sanog‘i yo‘q. Oling-u, foydalaning. Lekin o‘zingiz haqingizda hayotdan olib hikoya qilish mumkin bo‘lganda, bu texnologiyalarning nima keragi bor? O‘ynamaysiz, yolg‘on gapirmaysiz, balki hayotiy voqealardan hikoya qilasiz – hammasi tabiiy.

Demak, kinodan ham ko‘nglingiz qolibdi-da?

Yo‘q, nega? Kinoni ham yaxshi ko‘raman. Faqat suratga tushish imkoniyati juda kam uchraydi. Chunki aynan kinoolamida “stereotip” va “shatmp”larning son-sanoqsiz. Tashqi ko‘rinishingizdan tortib hamma-hammasining o‘z qonun-qoidalari bor. Akterlik agentligidagilar menga qarab nimalarni xayolidan o‘tkazishadi, bilasizmi? Ular: “xo‘sh, bu “sharq” yoxud “osiyo” tipajiga mos, deya o‘ylashadi. Ular fikricha, men faqat o‘zbek yoki tojik ayoli obrazini yaratishim mumkin.

Siz ispan ayoliga ham o‘xshab ketasiz.

Shu paytgacha hech kim menga ispan, italyan yoki fransuz ayoli rolini ijro etishni taklif qilmagan. Chunki ijodkorlar allaqanday qonun, shtamp va stereotip degan tushunchalarga o‘ralashib qolgan. Tushunyapsizmi? Teatrda esa shaxsga nisbatan qiziqish kuchli. Kino bu qonuniyatni tan olmaydi.

 

© Sputnik / Aleksey TixomirovUzbekskaya aktrisa Nargis Abdullayeva
Uzbekskaya aktrisa Nargis Abdullayeva - Sputnik O‘zbekiston
Uzbekskaya aktrisa Nargis Abdullayeva

 

Ya’ni kinoolamida muayan obrazlar muhim ekan-da?

Ha! Ularga yulduzlar kerak. Men esa ular istagidagi "yulduz" emasman, chunki karyeramni Rossiyada boshlamaganman. Qachonki, kinolarda ketma-ket suratga tushsam, teleko‘rsatuvlarga boshlovchilik qilsam, menga nisbatan talab ortishi mumkin. Men esa buni xohlamayman.

Serial efir yuzini ko‘rgach, takliflar bildirilgandir?

Serialning ikki seriyasida ko‘rinish berishingiz bilan takliflarga ko‘mib tashlashlariga ishonish soddalik. Menimcha bu yerda boshqa narsa ish beradi. To‘g‘ri, men “Pavel Bardinning serialida suratga tushdim” deb faxrlanaman, ammo shu paytga qadar kimdir menga qo‘ng‘iroq qilib, “keling, bizda ham suratga tushing”, deb aytgan emas.

O‘zbekistonda ham kinoprobalarda shunday muammolarga duch kelganmisiz?

Toshkentda hech qanday sinovlarsiz rolga tasdiqlashar edi. Qo‘ng‘iroq qilib, “Nargis! Siz bizga kerak”, deb aytishardi, tamom. To‘g‘ri, yulduz edim, ammo gap bunda ham emas. Yaxshi aktorlar hamisha chetda qolib ketadi. Filmlarda rejissor va produserlarning qarindoshlari, estrada yulduzlari va homiylarning farzandlari rol o‘ynaydi. Yaxshi aktorlar esa restoranlarda animatorlik qiladi.

O‘zbek mushtariylariga tilaklaringiz?

Barcha yurtdoshlarimga a’lo kayfiyat tilayman. Har kun, har soniya yaxshi kayfiyat ularning hamrohli bo‘lsin. Keyin, yurdoshlarimga hayotni seving va borligingizga xursand bo‘lib yashang, deb qolaman. Hayotni seving, u — bebaho!

 

Yangiliklar lentasi
0